Eskirgan bog‘lar o‘rnida yangilari yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2027-yildan boshlab "Uzagrostar xolding" kompaniyasi muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan yuridik shaxslar ustav kapitalida ishtirok etish orqali tadbirkorlik sub’ektlari bilan sanoatlashgan intensiv bog‘ yaratish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.
Bunda:
a) ixtisoslashgan kompaniyalar tadbirkorlik sub’ektining ustav kapitalida loyiha miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda mevali ko‘chatlar yoki loyiha doirasida foydalaniladigan asosiy vositalar ko‘rinishida ulushdor bo‘lib ishtirok etadi, qolgan qismida tadbirkorlik sub’ekti yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi va loyiha doirasida foydalaniladigan boshqa mol-mulk bilan ishtirok etadi;
b) tadbirkorlik sub’ekti kiritayotgan ulushining 150 foizi miqdorida ko‘chmas mulk yoki bank kafolati ko‘rinishida garov ta’minoti taqdim etilgandan so‘ng ulush kiritilishi amalga oshiriladi;
v) ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan kiritilgan ulush qayta baholanmagan holda 7 yil davomida tadbirkorlik sub’ektiga yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qilinadi va ushbu ulush to‘liq sotib olingandan keyin garov tadbirkorlik sub’ektiga qaytariladi;
g) ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan Agentlikning ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan, kamida ikki yil faoliyat yuritgan va yillik daromadi besh milliard so‘mdan kam bo‘lmagan, ijobiy kredit tarixiga ega, kredit hamda soliq to‘lovlaridan muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari ustav kapitaliga ulush kiritiladi.
Joriy yildan boshlab mazkur Farmonga muvofiq resurslar hisobidan tijorat banklari tomonidan sanoatlashgan bog‘larda ishlatiladigan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari, mevali ko‘chatlar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish (shu jumladan, ularni joriy etish yoki ekish xizmatlari) uchun islomiy moliya operatsiyalarini (tovarni nasiyaga sotish kabi) ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-avgustdan boshlab zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi besh yil muddatga 1 so‘m miqdorida belgilanadi.
Bog‘ yaratishga doir hujjatlar asosida sanoatlashgan bog‘ barpo qiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketi taqdim etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) mazkur Farmon bandlarida nazarda tutilgan kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklarining buyurtmasiga asosan 7 yil muddatda qaytarish sharti bilan:
2026-yilda - respublika byudjetining 2026-yil I choragi yakuni bo‘yicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 300 milliard so‘m ajratadi;
2027-yildan boshlab - respublika byudjetida har yili 500 milliard so‘m ajratishni rejalashtiradi.
Agentlik tomonidan respublika hududida sanoatlashgan bog‘lar yaratish loyihalarini moliyalashtirish uchun:
respublika byudjetining 2026-yil I choragi yakuni bo‘yicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 100 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larni Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratadi;
2027-yildan boshlab - respublika byudjetida har yili 150 milliard so‘m ajratish rejalashtiriladi.
Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘limlari Sanoatlashgan intensiv bog‘ va uzumzorlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari etib qayta nomlanadi.
Loyiha ofislari faoliyati alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda yo‘lga qo‘yiladi.