Har yili yoz faslida haroratning ortishi aholiga turli noqulayliklar tug‘diradi. Ayniqsa, ko‘pchilik foydalanadigan jamoat transportlari, jumladan, metropolitenda salqinlikni saqlash, havo aylanmasini ta’minlash va umumiy qulay muhit yaratish masalasi dolzarb hisoblanadi.
Yoz faslida yo‘lovchilar metrodan foydalanganda havo yetishmasligi, issiq va muttasil muhitdan shikoyat qilmoqda.
Ushbu holatga "Toshkent metropoliteni" DUK matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda metropoliten tizimiga bo‘lgan talab kun sayin ortib borayotgani sababli yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida bosqichma-bosqich ravishda 41 ta yangi harakat tarkibi olib kelindi. Natijada metro vagon parkining 50 foizdan ziyod poyezdlari yangilandi. Vagonlar va bekatlar zamonaviy sovitish tizimlari bilan jihozlangan. Bu nafaqat haroratni pasaytiradi, balki havoni tozalashga ham yordam beradi.
Soha mutaxassislarining fikricha, jamoat transportlarida tabiiy va sun’iy ventilyatsiya tizimlarini takomillashtirish, havoni doimiy aylantirib turish jarayonini tashkil qilish muhim.
Yaratilayotgan qulayliklarga qaramasdan, Toshkent metropolitenida ko‘p yillik foydalanilayotgan eski turdagi harakat tarkiblari hamon mavjud bo‘lib, ishlab chiqaruvchi tomonidan maxsus sovitish tizimi o‘rnatilmagani bois, endilikda eski vagonlarni bu turdagi qurilma bilan jihozlash imkonsiz.
Xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida yangi harakat tarkiblari xaridi yo‘lga qo‘yilgan va jarayon davomiy tarzda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida bosqichma-bosqich ravishda metro vagon parkidagi poyezdlar yangilanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu ishlar davomi sifatida 2025-2026 yillar davomida yana yangi 14 ta to‘rt vagonli harakat tarkibi xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarilishi maqsad qilingan va buning ustida kerakli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA