Ma’lumki, ijod maktablarida til va adabiyot yo‘nalishiga alohida iqtidorli o‘quvchilarni o‘qitish ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda bugungi kun o‘quvchisining talab va ehtiyojlariga mos yangi avlod darsliklarini yaratish ustuvor vazifalardan biri.
Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 141-son Qaroridan kelib chiqib, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda darslik mualliflari bilan birgalikda asosiy fanlar bo‘yicha darsliklarni bosqichma-bosqich yaratish va chop etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi ijod maktablarida dars va fakultativ mashg‘ulotlarni olib borish, shuningdek, ingliz va boshqa chet tillaridan ilg‘or xorijiy mamlakatlarning e’tirof etilgan darsliklaridan ham foydalanish maqsad etilgan.
DARSLIKLAR YARATISHDA XALQARO TA’LIM TAJRIBASI
Ijod maktablari uchun ixtisoslik fanlaridan respublikamizning yetakchi pedagog olimlari jalb qilindi. Mualliflar jamoasi ta’lim sohasida ilg‘or davlatlarning o‘quv dasturlari o‘rganildi. Olingan ma’lumotlar ilmiy tahlil qilinib, yuqori talab darajasiga javob beradigan, yoshlarni vatanparvar, har tomonlama bilimli va ma’naviyatli bo‘lib yetishishlari uchun xizmat qiladigan dastur va darsliklar tayyorlanmoqda.
Darsliklarning dizayni, texnik talablariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Ijod maktablari bilan ishlash bo‘limi bilan birgalikda, Metodik ta’minot va standartlarni ishlab chiqish bo‘limi ham birday izlanish olib bormoqda.
Yaratilayotgan maxsus darsliklar va ularning boshqa maktablardagi darsliklardan farqi va afzalliklari 141-son qarorda ko‘zda tutilgan adabiy jarayon, adabiyot qoidalari, publitsistika, matnshunoslik, dramaturgiya, xalq og‘zaki ijodi kabi fanlar ixtisoslik fani – maxsus adabiyotga jamlandi. Buning natijasi o‘laroq, maxsus adabiyot
fani mashg‘ulotlarida o‘quvchilar turli maqsadlarga yo‘naltirilgan topshiriqlarni bajaradilar.
Darsliklar turli xil topshiriqlardan iborat. Tizimda zamon talabiga mos o‘zgarishlarni amalga oshirishda darsliklar katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda, 2020/2021-o‘quv yili boshlangunga qadar, 7-,8-,9-10-sinflar uchun Maxsus adabiyot va notiqlik mahorati fanlaridan o‘quv dasturi va darslik ishlab chiqildi.
Darsliklarning elektron shakli maktablarga taqdim etildi. O‘tgan o‘quv yili mobaynida ijod maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari tomonidan foydalanildi. Berilgan taklif, e’tiroz, tavsiyalar inobatga olindi, yil davomida ishchi guruhning yig‘ilishlarida o‘rganildi, qo‘shimcha materiallar ishlandi va tekshirib ko‘rildi.
QR KODLARDAN HAMDA QO‘LYOZMALAR BILAN ISHLASH UCHUN ESKI O‘ZBEK YOZUVINI O‘QITISH
Kelgusi o‘quv yilida ijod maktablari o‘quvchilariga taqdim etilishi kutilayotgan darsliklarda QRlardan keng foydalanish kutilmoqda. Maxsus adabiyot fani uchun mo‘ljallangan darslikda qo‘shimcha o‘qish uchun tavsiya qilingan asarlar bo‘yicha topshiriqlarni QR kodlar orqali topish imkoni yaratilmoqda.
Bu orqali bir tomondan fanlar integratsiyasiga erishsak, boshqa tomondan, ortiqcha texnik xarajatlarning oldi olinadi.
Kelgusi o‘quv yilida 7-sinfdan matnshunoslik fani uchun darslikni o‘quvchilarimizga taqdim etish ko‘zda tutilgan. Mazkur fan Matnshunoslik asoslari sifatida belgilanib, o‘quvchining mashq daftari va o‘qituvchining metodik qo‘llanmasidan iborat bo‘ladi. Ijod maktabi o‘quvchilarining qo‘lyozmalar bilan ishlashi uchun eski o‘zbek yozuvini bilishlari
zarurati mavjud. Shu sababli ham fan dasturi va qo‘llanma mana shu maqsadga erishishni reja qilgan holda ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, o‘quvchilarning eski o‘zbek yozuvida o‘qish va yozish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida, shunday yozuvda bitilgan asarlarni o‘qish rejalashtirilgan.
IJOD MAKTABIDA NOTIQLIK SAN’ATI DARSI HAM O‘TILADI
Ijod maktablari uchun notiqlik san’ati faniнинг o‘qitilishi ham ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda dastur va darslik ishlab chiqishda o‘quvchilarning yosh xususiyati ham inobatga olindi. Afsuski, bugunga qadar ona tili va adabiyot fanlarining bir qismi bo‘lishi kerak bo‘lgan ushbu yo‘nalish hech qachon dars jarayonida kerakli darajada e’tibor qaratilmagan. Agentlikning ijod maktablariga elektron shaklda taqdim qilingan darslik yuzasidan o‘quvchi va o‘qituvchilarning fikrlari ilmiy yondashuv bilan o‘rganildi. Kelajakda yanada takomillashtirib, kitob shaklida taqdim etilishi ustida ish olib borilmoqda.
Hilola Umarova,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan
maktablarni rivojlantirish agentligi direktori