Eski bog‘lar o‘rnida yangi intensiv bog‘lar yaratiladi
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida joylashgan “Siyob Shavkat orzu” fermer xo‘jaligi bog‘ida “Bog‘ kuni” shiori ostida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan seminar o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etilgan seminar mamlakatimiz agrosanoatiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilish hamda natijadorlik masalalariga bag‘ishlandi.
Ta’kidlash joiz, ushbu hujjat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2024-2025 yillarda tog‘oldi va qir-adirlik, iqtisodiy samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar o‘rnida sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etishda muhim asos bo‘ldi. Bu borada agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan har bir hududning tuproq va tabiiy iqlim sharoitlari hisobga olingan holda samarador loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 29,2 ming gektar tog‘oldi va qir-adirlarni o‘zlashtirish, samarasiz bog‘lar o‘rniga sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilib, bahor mavsumida 19,2 ming gektar maydonda yangi bog‘lar tashkil etildi. Kuzgi mavsumda yana 10 ming gektarda shunday bog‘lar yaratish ko‘zda tutilgan.
– Viloyatimizda joriy yil bahor mavsumida 2,5 ming gektar sanoatlashgan bog‘lar yaratildi, —deydi agrosanoatni rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Shohjahon Kubayev. – Ayni paytda kuzgi mavsumda 1,9 ming gektar bog‘ yaratish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Bugungi kunda hududdagi fermer xo‘jaliklarida 29,2 ming gektar mevali bog‘ va 46,9 gektar tokzorlar mavjud bo‘lib, ularning 18,4 ming gektari intensiv mevali bog‘ hisoblanadi. Ularning samaradorligi bugungi seminar davomida hududlardan kelgan mutaxassislarga “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligi bog‘i misolida ko‘rsatildi. Maqsadimiz samarali tajribalarni respublika miqyosida ommalashtirish orqali oldimizga qo‘yilgan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.
Seminar ishtirokchilari “Siyob Shavkat orzu” fermer xo‘jaligi intensiv olma bog‘larini bevosita kuzatib, xo‘jalik mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– Bugungi kunda mavjud 60 gektar intensiv bog‘imizning 56 gektarida olma, 3 gektarida shaftoli, 1 gektar maydonda olcha yetishtiryapmiz, —deydi “Siyob Shavkat orzu” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Nuriddin Amriyev. –Olma bog‘imizning gektaridan 35-40 tonna hosil olyapmiz. Yurtimizda tizimga ilmiy asoslar orqali yondashuvning joriy etilgani samaradorlikni oshirmoqda. Sanoatlashgan tizimda har tomonlama puxta ishlangan agrotexnik tadbirlar asosida qilingan mehnat o‘z samarasini bermoqda.
Seminar davomida bugungi kunda bog‘ va tokzorlarda meva yetishtirishda mahsulotlarning sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligi mutaxassislar tomonidan alohida qayd etildi. Bugun yurtimizning sarxil mevalariga xorij bozorlarida talab ortib bormoqda. Eksport hajmini oshirish uchun yetishtirilayotgan mahsulotlar tegishli tartibda sifat sertifikatlariga ega bo‘lmasa, xorij bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Buni mutaxassislar batafsil tushuntirib, mahsulotlarni yetishtirish jarayonida ushbu talablar asosida faoliyat yuritishi lozimligi ta’kidlandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat),
O‘zA muxbirlari