Eshkak eshuvchilarimiz jahon chempionatida sovrindor bo‘ldi
Portugaliyada baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U18 va U23 yosh toifalarida o‘tkazilgan jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda sportchilarimiz 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan taqdirlandi.
U23 yosh toifasidagi K-1 yo‘nalishida 1000 metr masofaga kechgan bellashuvlar finalida Arina Tanatmisheva 4 daqiqa 5,97 soniya natija bilan marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va terma jamoamiz hisobiga dastlabki kumush medalni keltirdi.
Mazkur yosh toifasida 5000 metrga mikst juftlik bellashuvlarida ishtirok etgan Mirjalol Komilov va Shohsanam Sherzodova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 500 metrga C-4 bahslarida Dilnozaxon Rafiqova, Zarina Kazakova, Shohsanam Sherzodova hamda Xonzoda Erkinovadan iborat jamoamiz uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Joriy yilning avgust oyida Italiyaning Milan shahrida kattalar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Quvonarlisi, dunyo birinchiligida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham medallar uchun kurash olib boradi
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA