Ertaga Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi porlaydi
Ertaga, 15-sentabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bugun, 14-sentabr kuni shaxmat olimpiadasi boshlanishi munosabati bilan Hindistonda an’anaviy mash’ala estafetasi marosimi tashkil etildi.
Tantanali marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasini hamyurtimiz, jahon kubogi va Nomzodlar turniri g‘olibi, “shaxmat toji”ga da’vogar Javohir Sindorovga topshirdi.
Ushbu mash’ala ertaga Samarqand shahriga yetib keladi va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ochilish marosimida yolqinlanadi.

Olimpiada dasturiga muvofiq, 16-27-sentabr kunlari 11 ta klassik bosqich musobaqalari o‘tkaziladi.
Aytish lozimki, shaxmat olimpiadasining erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasidagi shiddatli kurashlarda umumiy hisobda 400 ta jamoa ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan.
Ochiq tarkib nomi bilan ataladigan, asosan erkaklardan iborat jamoalar 208 ta, xotin-qiz shaxmatchilarni jamlagan jamoalar esa 192 tani tashkil etmoqda.
Ishtirokchi jamoalar reytingiga ko‘ra, erkaklar jamoalari ro‘yxatini Fabiano Karuana, Uesli So, Hans Niyemann, Levon Aronyan, Avonder Liang va 2016-yilgi shaxmat olimpiadasi oltin medal sohibi Jon Donaldsondan iborat Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqarib turibdi.

Keyingi pog‘onani Arjun Erigaisi, Praggnanandxa, Pentala Harikrishna, Nihal Sarin, Gukesh Dommaraju, Vidit Gujrati va jamoa sardori Srinath Narayananni jamlagan Hindiston terma jamoasi egallagan.
Uchinchi pog‘onadan Rustam Qosimjonov sardorligidagi Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminovdan tashkil topgan O‘zbekiston-1 terma jamoasi o‘rin olgan.
Shuningdek, Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Armaniston, Argentina, Niderlandiya, Angliya, Turkiya, Fransiya, Eron kabi terma jamoalar keyingi reyting o‘rinlarida ko‘rsatilgan.
Shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston-1 jamoasi singari O‘zbekiston-2 va O‘zbekiston-3 jamoalari dona suradi.
Muhammadzohid Suyarov, Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmuratov, Ortiq Nig‘matov harakatlanadigan O‘zbekiston-2 jamoasi reytingda 32, Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrullayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorjon Omonovdan tashkil topgan O‘zbekiston-3 jamoasi 55-o‘rinda qayd etilgan.
Xotin-qizlar terma jamoalari ro‘yxatining eng yuqori qatorida 45-shaxmat olimpiadasi g‘olibi Hindiston jamoasi, keyingi o‘rinlarda Gruziya, Xitoy, Qozog‘iston, AQSH, Ukraina, Polsha, Fransiya, Serbiya, Niderlandiya, Germaniya, Vengriya kabi o‘nlab mamlakatlarning jamoalari joylashgan.
Mahoratli shaxmatchi qizlarimiz Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Umida Omonova, Guldona Karimovadan iborat O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi 13, Nilufar Yoqubboyeva, Marjona Malikova, Asal Salimova, Madinabonu Xalilova, Mumtozbegim Mansurovadan tashkil topgan O‘zbekiston-2 jamoasi 42, Shoxina Ahmedova, Maftuna Bobomurodova, Barchinoy Shokirjonova va Ozoda Shahzodovadan iborat O‘zbekiston-3 ayollar jamoasi 63-pog‘onada keltirib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi kongress yig‘ilishi hamda FIDE prezidentligi uchun saylovlar tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA