Eron va AQSH "yadro"ni biryoqli qilmoqchi
Donald Tramp Rossiya Prezidentini o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Jarayonning davomi o‘laroq, hafta oxirida AQSH elchisi Stiv Uitkoff Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda BBC yozdi.
Kremlga ko‘ra, uchrashuv to‘rt soatdan ko‘proq davom etgan va asosiy e’tibor «Ukraina kelishuvi jihatlari»ga qaratilgan. Uitkoff va Putinning bu yilgi uchinchi muzokarasini maxsus elchi Kirill Dmitriyev «samarali» deb baholadi.
Tramp esa, rossiyalik hamkasbidan norozilik bildirdi. Juma kuni u ijtimoiy tarmoqda shunday deb yozdi: «Rossiya harakatlanishi kerak. Dahshatli va ma’nosiz urushda minglab odamlar o‘lib ketmoqda».
Muzokara oldidan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov «munosabatlarni normallashtirish jarayoni davom etayotgani uchun hozircha yangilik kutishning hojati yo‘q», degandi.
Haqiqiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda G‘arb davlatlari Ukraina armiyasi tajribasini inobatga olmasa, tezda mag‘lub bo‘lishga mahkum, dedi Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, ayni payt mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy «Defence One» portali e’lon qilgan maqolada.
«Bir necha o‘n yilliklar davomida G‘arb qo‘shinlari uyquda bo‘ldi. Agar ular jangovar harakat uchun optimallashtirilgan avtonom qurollardan ommaviy ravishda foydalanadigan dushmanga duch kelsa, Ikkinchi jahon urushidagi nemis “blitskrigi” qurbonlarini eslatishlari mumkin», — degan u.
Zalujniy ta’kidlashicha, g‘arblik ittifoqchilar «bebaho sovg‘a» oldi — Ukraina Qurolli kuchlari tajribasi. Bu tajriba qurolli to‘qnashuv yuz berganda omon qolishga yordam beradi. Misol sifatida diplomat arzon drondan zarba berish, razvedka va transport dronidan foydalanish, shuningdek dengiz droni va onlayn jangovar boshqaruv tizimi keng qo‘llanishini keltirib o‘tgan.
Zalujniy 2021 yil iyulda Bosh qo‘mondon lavozimini egallab, 2023 yil kuzda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlangan.
Ukraina RF hujumi kuchayganini tasdiqladi
Ushbu hafta Ukraina bosh qo‘mondoni general Oleksandr Sыrskiy Rossiya kuchlari butun asosiy front bo‘ylab hujumni kuchaytirganini tasdiqladi. Qurolli Kuchlarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga ko‘ra, chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi jami 145 marta «Shahid» va boshqa nomdagi uchuvchisiz uchoqlar yo‘naltirilgan. Keng miqyosli dron hujumi Donetsk, Xarkov, Kiyev, Xmelnitskiy, Poltava va Nikolayev kabi bir necha yirik hududlarni nishonga olib, ko‘plab jarohat va moddiy zarar keltirib chiqargan.
Nikolayev shahridagi turar-joy binosida 10 kishi jabrlandi, xonadonlar, shaxsiy buyumlarga ziyon yetdi.
Gubernator Vitaliy Kim hujumni to‘xtatish kerakligini ta’kidlagan.
Ukraina mudofaa kuchlari ma’lumotida tungi hujumga aviatsiya, zenit-raketa tizimi, elektron urush bo‘linmalari va mobil o‘t o‘chirish guruhlari javob qaytargan. Jami 85 dron urib tushirilgan. 49 uchoq yo‘nalishidan chiqib ketgan va mo‘ljallangan nuqtaga yetib bormagan.
Ukrainalik zobitlarning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari, Kiyevdagi Bosh shtab va CNN bilan suhbatlashgan askarlar ma’lumoti tahlili Rossiya armiyasi hujum amaliyoti butun front bo‘ylab kuchayganidan daraka bermoqda.
– Bu Ukraina ancha vaqtdan beri ogohlantirib kelayotgan rus kuchlari bahorgi yirik hujumining boshlanishimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas. Binobarin, RF rahbari amerikalik hamkasbini «xafa qilib qo‘yish»dan xavotirlanmayotgan ko‘rinadi.
– Agar Kreml tinchlikka jiddiy yondashsa, «bir necha hafta ichida» qaror qabul qila oladi, – dedi Davlat kotibi Marko Rubio.
Buyuk Britaniya va Germaniya Bryusselda 50 davlat ishtirokida tashkil qilinadigan uchrashuvga tayyorlanarkan, Kiyevga yana 450 million funt sterling miqdorida harbiy yordam berilishini e’lon qildi. Bu haqda BBC yozdi.
Mudofaa rasmiylari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosim o‘tkazish, uni Ukraina bilan urushni to‘xtatishga majbur qilish uchun yig‘ilmoqda.
– Ukraina mudofaasini mustahkamlashda davom etib, tajovuzkorlikning oldini olish uchun harakat qilishimiz kerak, – dedi Birlashgan Qirollik mudofaa vaziri Jon Xili.
Bu galgi ko‘mak yuz minglab dron, tankka qarshi mina va harbiy mashinalar ta’mirlanishi uchun ishlatiladi. Taxminan 350 million funt sterlingni Britaniya taqdim etadi. Shuningdek Norvegiya vositachiligida Ukraina xalqaro jamg‘armasi orqali qo‘shimcha moliyalashtirish ham nazarda tutilgan.
Yaponiya Ukrainaga yordam ko‘rsatishini bildirdi
Yaponiya NATOning Ukrainaga harbiy mashq va jihoz yetkazib berish orqali yordam ko‘rsatish sa’y-harakatida ishtirok etishga tayyor, dedi kun chiqar yurt mudofaa vaziri Gen Nakatani tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda.
«Kiodo» agentligi yozishicha, Nakatani «Yaponiya atrofidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tobora qiyinlashayotgani»ni ta’kidlagan.
Uchrashuvda tomonlar Yaponiya – NATO Alohida hamkorlik rejasi doirasida koinot va kiber fazo, shuningdek yolg‘on ma’lumotga qarshi kurash sohasidagi sheriklikni rivojlantirish niyatini ham tasdiqlagan.
Nakatani bilan muloqotdan oldin Ryutte Tokioga qo‘shni Kanagava prefekturasidagi o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlariga qarashli Yokosuka harbiy-dengiz qo‘shini bazasini ko‘zdan kechirgan. U Tayvan atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani, orolda «haqiqatan tashvishli alomatlar bor»ligiga ishonishini aytgan. Shuningdek, harbiy sanoat sohasida NATO – Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istagini bildirgan.
AQSH va Eron kelishib olmoqchi
AQSH va Eron ushbu hafta oxirida ehtimoliy yadroviy kelishuv bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Prezident Donald Tramp ma’lum qilgan edi. Uchrashuv O‘monda bo‘lishi kutilmoqda.
BBC yozishicha, uchrashuvni Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri ham tasdiqlagan. U muzokara bilvosita xususiyatga ega, ammo sinovli imkoniyat ekanini aytgan.
Avvalgi prezidentligi davrida mamlakatini Eron bilan mavjud kelishuvdan bir tomonlama chiqarib yuborgan Tramp bu gal munozara juda qizg‘in o‘tishi, mabodo kelishuvga erishilmasa, bu «Eron uchun juda yomon kun» bo‘lishidan ogohlantirdi.
O‘tgan oy Oliy rahbar Oyatulloh Ali Humanaiy bevosita muzokara taklifini ochiqchasiga rad etgan, so‘ngra Qo‘shma Shtatlar yetakchisi unga qarshi harbiy chora ko‘rish masalasini ko‘targan edi.
Tramp bu muzokara haqida Oq uydagi Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilgan edi. Isroil Bosh vaziri ham avvalroq yadroviy qurolga ega bo‘lishini to‘xtatish uchun Eronga hujum qilish ehtimoli borligini aytgan.
«Men juda xavotirdaman. Tramp ma’muriyati tomonidan qo‘llanilgan tahdid ostidagi bu muzokara taktikasi, Eronga nisbatan jiddiy siyosat o‘rnini bosa olmaydi», — deydi Eron bo‘yicha ekspertlardan biri.
AQSH Xitoyga solgan soliq 145 foizligi ma’lum bo‘ldi
AQSH Prezidenti Tramp chorshanba kuni Xitoy Xalq Respublikasidan kiradigan tovarlarga yangi 125 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Binobarin, Oq uy bu stavka allaqachon mavjud bo‘lgan 20 foizlik yig‘imning davomi ekaniga aniqlik kiritdi.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida chiqish qilgan Tramp o‘z tarif siyosatini himoya qilib, Qo‘shma Shtatlar «juda yaxshi holatdaligi»ni da’vo qildi.
Pekin bunga kuchga kirgan Amerika tovarlariga 84 foizlik boj to‘lovi tartibi bilan javob qaytardi.
– Adolatli chora ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, – dedi XXR Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian. AQSH hukumati qaroriga xalq qarshi chiqadi, bu harakat muvaffaqiyatsiz yakunlanadi.
– XXR Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan erishilgan muhim konsensusni amalga oshirish, aloqa va almashinuvni mustahkamlash, savdo, sarmoya va sanoat hamkorligini chuqurlashtirish uchun birgalikda ishlashga tayyor, – deb yozgan rasmiy «Sinxua» axborot agentligi.
Misr, Fransiya va Iordaniya G‘azodagi harbiy harakatni to‘xtatishga chaqirmoqda Misr, Fransiya va Iordaniya qo‘shma bayonot e’lon qilib, xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotni zudlik bilan to‘xtatish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Uch davlat rahbarlari begunoh aholini himoya qilish, jabrlangan hududlarga gumanitar yordam to‘siqsiz kirishini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan.
Ushbu chaqiriq dushanba kuni Qohirada Misr Prezidenti Abdul Fattoh As-Sisi, Fransiya rahbari Emmanyuel Makron va Iordaniya Qiroli Abdulla II ishtirok etgan sammit yakunida tasdiqlangan qo‘shma hujjatda aks etgan. Yetakchilar 19 yanvardagi almashuv bitimini zudlik bilan amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan. Bu kelishuv barcha uchun xavfsizlikni ta’minlagan holda, garovga va hibsga olinganlar ozod etilishini kafolatlaydi.
Bayonotda tinch aholi va insonparvarlik xodimlarini himoya qilish, shuningdek insonparvarlik yordami yetkazib berishdan to‘liq foydalanish xalqaro huquq doirasidagi majburiyatligi, bunga rioya qilinishi shartligi alohida qayd etilgan. Shuningdek, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi vaziyat yomonlashuvidan xavotir bildirilib, ikki davlat tamoyili yechimining hayotiyligiga tahdid soluvchi, keskinlikni kuchaytiruvchi bir tomonlama choralarni to‘xtatishga chaqirilgan.
Makron, Abdulloh II va As-Sisi falastinliklar ko‘chirilishi yoki hududlarning har qanday anneksiyasiga qarshi pozitsiyani yana bir bor tasdiqlagan. Xalqaro hamjamiyat Misr tomonidan tayyorlangan G‘azo uchun arab-islom qayta tiklash rejasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan.
Mazkur qo‘shma bayonot so‘nggi harbiy amaliyot oddiy aholi orasida sezilarli qurbonlar berilishi, infratuzilma vayron bo‘lishi orqali sektordagi vaziyat yomonlashuvi asnosida qabul qilindi. Xalqaro hamjamiyat mojaro avj olganidan xavotir bildirib, zudlik bilan qarshi choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlagan.
Hafta boshida Fransiya, AQSH, Misr va Iordaniya yetakchilari telefon orqali muloqot qilib, G‘azodagi vaziyatni muhokama qilgan, muntazam o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatni muvofiqlashtirish lozimligini ta’kidlagan edi.
Xalqaro tashkilotlar va turli mamlakatlar rahbarlari jahon hamjamiyatini begunoh aholini himoya qilish, xalqaro huquqni hurmat qilish muhimligini ta’kidlab, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, mojaroga tinch yo‘l bilan yechim izlashga chaqirishda davom etmoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/i6DKIxkyTag" title="Eron va AQSH “yadro”ni biryoqli qilmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Avvalroq G‘azoga insonparvarlik yordami o‘tishi to‘xtagani haqida xabar berilgan edi. Isroil sektordagi harbiy amaliyotni kengaytirgan.
Emmanyuel Makron iyun oyida o‘zi hamraislik qiladigan ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Fransiya Falastin davlatini tan olishi mumkinligi e’lon qilinishini aytdi. U 6-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Misrga ikki kunlik tashrifidan so‘ng «France5» telekanaliga bergan intervyusida shu mavzuni ko‘tardi.
– Falastinni tan olish jarayoni tomon harakatlanishimiz kerak va biz bunga yaqin oylarda erisha olamiz, – dedi Makron iyun oyida Saudiya Arabistoni bilan birga mezbonlik qilinadigan xalqaro anjuman kunlariga ishora qilib. Konferensiya Falastinni tan olish masalasini nihoyat hal qilishni rejalashtirmoqda.
Sardorbek Poyonov, Nishonboy Abduvoitov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.