Eron TIV rahbari: AQSH va Isroil hujumi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazdi
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Tehronda bo‘lib o‘tgan “Sukunatdagi harbiy jinoyat: ekotsid” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqib, AQSH va Isroil tomonidan mamlakat energetika hamda neft majmualariga berilgan zarbalar og‘ir ekologik oqibatga olib kelganini ta’kidladi.
Mulozim fikricha, atrof-muhitga yetkazilgan bunday zarar oddiy harbiy jinoyat doirasidan chiqib, tabiatni qasddan vayron qilish “ekotsid” sifatida baholanishi kerak.
Arag‘chiy tabiat butun insoniyatning umumiy boyligi ekanini eslatib, siyosiy bosim o‘tkazish vositasi yoki qisqa muddatli harbiy va iqtisodiy manfaat qurboniga aylanmasligi lozimligini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, neftni qayta ishlash zavodlari, energetika infratuzilmasi va xalqaro huquqqa ko‘ra daxlsiz hisoblangan yadroviy ob’ektlarga qilingan hujum mintaqaga jiddiy ekologik tahdid keltirib chiqargan.
Shuningdek, vazir Eron atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikka tayyorligi, ekologiyaga zarar yetkazgan tomonlar javobgarlikdan qochib qutulmasligi lozimligini ta’kidladi. U “muzokara davrasida tabiatning ovozi yo‘q” ekanini aytib, atrof-muhit masalasida ikkiyuzlamachilik va siyosiy manfaatga o‘rin berilmasligi zarurligini bildirdi. So‘zi yakunida tinchlik, xavfsizlik, atrof-muhit, inson salomatligi va iqlim o‘zgarishini o‘zaro chambarchas bog‘liq masalalar sifatida bir-biridan ayri holda ko‘rib chiqish mumkin emasligini ta’kidladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA