Erkparvarlik boʻyniga solingan sirtmoq
“Xalqlar dohiysi” Stalin vafot etgan kun.
31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni
1953-yil.
“Xalqlar dohiysi” Stalin vafot etgan kun.
Radiokarnaylar “dohiy” bilan vidolashuv marosimlaridan reportajlar berib borayapti. Soʻnggi vidolashuvda hamma tik turishga majbur etilgan. Namangan shahridagi 22-maktab direktori Boymirza Mirzayev ogʻir xasta boʻlishiga qaramasdan, kolxoz radiouzeli yoniga kelib, motamsaro ommaga qoʻshiladi. U behol boʻlgani tufayli tik turishga yaramay, daraxtga suyanib oʻtirib qoladi. Bu “ogʻir jinoyati”, yaʼni “ulugʻ dohiyga” hurmatsizligi uchun domla olti yilga qamoq jazosiga hukm qilinadi...
Qatagʻon, jabr-zulmlar haqida gap ketganda, bu mashʼum siyosat millatidan qatʼi nazar, minglab insonlar taqdirini kunpayakun qilgan. Oyogʻida choriq, egnida yaktak, boshidagi doʻppisini belbogʻi bilan bogʻlab, ketmonini yelkasiga tashlab olgan, butun umri qora mehnatdan boshqasini bilmagan oʻzbekning siymosi beixtiyor koʻz oldimizga keladi.
Ota makonimiz – Oʻzbekistonda milliy ozodlik yoʻlida olib borilgan kurashlarga rahnamolik qilgan millatimiz fidoyilari dastlabki qatagʻon toʻlqini, boʻroniga toʻqnash kelgan edi. Ajdodlarimizga oʻsha zamonlarda, hozirda umumtaʼlim maktabi oʻquvchilariga yaxshi tanish boʻlgan “18 lar guruhi”, “Inogʻomovchilik”, “Qosimovchilik”, “Badriddinovchilik”, “Botir gapchilar”, “Koʻr kalamushchilik” degan siyosiy tamgʻalar bosilgan edi.
Xalq jallodlari oʻz yugurdaklari, malaylariga turli-tuman qurilishlar uchun tekin ishchi kuchi kerak boʻlib qolsa “qamoqqa olish maqsadida, hatto, adreslar byurosi yoxud saylovchilar roʻyxatini olib, navbatma-navbat qamashga kirishish kerak”, degan topshiriqlar bergan. Aybdorlarni topish va qamoqqa olish boʻyicha sotsialistik musobaqa ham oʻtkazilar edi. Xorazm ichki ishlar xizmati boʻlim boshligʻi Ferens degan kishi bir oy mobaynida “bor-yoʻgʻi” 60 kishini qamoqqa olganida, markazdan “bu ish emas, gʻirt dangasalikdir”, degan qattiq dakki eshitgan edi.
Eng yomoni, shoʻro davrida zakovatli sovet kishisining besh muqaddas qoidasi etib zimdan quyidagilar belgilangan edi:
1. Oʻylama.
2. Agar oʻylasang, gapirma.
3. Agar oʻylasang va gapirsang, yozma.
4. Agar oʻylasang, gapirsang va yozsang, imzoingni qoʻyma.
5. Oʻylasang, gapirsang, yozsang va imzo cheksang, ajablanma.
Qatagʻon qurbonlari yuksak hurmat-ehtirom bilan yodga olingan vaqtda faqat “Shahidlar xotirasi” majmui emas, yoxud baland koʻtarilgan Boʻzsuv sohili emas, balki Fargʻona vodiysi, Samarqandu Buxoro, muxtasar aytganda, butun Oʻzbekistonimizni aniq-ravshan tasavvur qilishimiz kerak. Barcha shaharu qishloqlarimizdan qancha-qancha odamlar, ajdodlarimiz qatagʻon etilganini, qamoqxonalar va surgunlarda qiynoq azobida jon berganlarini unutmagan holda xotirlashimiz darkor.
Baxtiyor ISʼHOQOV,
Namangan davlat universiteti dotsenti,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi