Erkinlik – o‘z huquq va majburiyatlarini bilish demak
Erkinlik – bu sub’ektning holati bo‘lib, bunda u o‘z harakatlarini o‘zi belgilaydi, ya’ni uning xohish-irodasi tabiiy, ijtimoiy, munosabatlararo xususiy omillarning hech biri bilan chegaralanmaydi.
Biroq bunda erkinlik boshboshdoqlikni emas, jamiyatdagi muayyan tartibni ifodalaydi.
Hayotda bir kishining erkinligi boshqa birovning erkinligi boshlangan joyda tugaydi degan fikr mavjud. Zamonaviy kishi o‘z erkinligini namoyon qilganda va undan foydalanganda ushbu erkinlik va uning ortida turgan harakatlar uning o‘ziga hamda jamiyatning boshqa vakillariga zarar yetkazmasligi lozim.
Nemis mumtoz falsafasining asoschisi Immanuil Kant erkinlik va huquq-tartibotning uzviy bog‘liqligini ta’kidlagan. Uning fikricha, inson boshqa kishiga emas, balki barcha uchun majburiy bo‘lgan qonunga bo‘ysunishi zarur bo‘lsa, u erkindir.
Aynan shunday erkinlik asosiy Qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan. Bu yil Konstitutsiya qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Xo‘sh, o‘tgan davrda ijtimoiy-siyosiy hayotimizda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi? Qomusimizni to‘ldirish, o‘zgartirishga nimalar turtki bo‘ldi?
Falsafada rivojlanish, taraqqiyot degan tushunchalar mavjud. Jamiyat a’zolarining ongi yuksalgan sari ijtimoiy hayot ham taraqqiy etib boradi. 30 yil davomida barcha qonunlarda yuqori turuvchi, yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tovchi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga ehtiyoj tug‘ildi. Shu maqsadda O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Komissiyaning tarkibiga jamiyatning turli qatlamlaridan, xususan, deputatlar, senatorlar, barcha hududlardan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos, siyosatshunos va boshqa ekspertlar kiritildi.
Konstitutsiyani takomillashtirishda "Jamiyat – islohotlar tashabbuskori" degan g‘oya asosiy shiorlardan biri sifatida belgilanib, e’tibor ko‘proq fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlashga qaratiladi. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev 2021 yil dekabr oyi boshida Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zlagan tabrik nutqida shiddatli ravishda o‘zgarib borayotgan davr talablariga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunning yangi loyihasini tayyorlash, uni umumxalq muhokamasiga qo‘yib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish zarurligini ta’kidlagan edi.
Prezident tomonidan taklif etilgan o‘zgartirishlar orasida quyidagilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
– ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
– Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
– inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
– Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish.
bugungi kunda jamiyatimizning barcha ijtimoiy faol fuqarolari, ziyolilar O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirmoqdalar. Mazkur jarayonni samarali tashkil etish uchun “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi ishga tushirildi. Shuningdek, fuqarolar o‘z takliflarini mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, 1341 call-markazi, pochta, shu jumladan, elektron pochta hamda Telegram maxsus boti (@meningkonstitutsiyam_bot) orqali yuborishlari mumkin.
Men ham faol fuqarolik pozitsiyasiga ega kishi sifatida o‘z fikrlarimni bildirishni lozim topdim. Konstitutsiyaning 67-moddasi OAVga bag‘ishlangan va shunday bayon qilingan: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”. Men ushbu moddani quyidagi so‘zlar bilan to‘ldirishni taklif qilaman: “OAV orqali davlat va jamiyat yaxlitligi, tinchligi va farovonlikka tahdid soluvchi harakatlarni amalga oshirish qonun bilan taqiqlanadi va jazolanadi”. Shu bilan birga, bulling, jumladan, kiberbullingning, ya’ni Internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali inson sha’ni, qadr-qimmatini toptash, uni qo‘rqitish, tahdid qilishning taqiqlanishini OAV haqidagi ushbu moddaga kiritish yoki alohida modda sifatida mustahkamlash lozim deb hisoblayman.
Shuningdek, oila masalalariga bag‘ishlangan XIV bobni ayollarning qadr-qimmatini toptash, uning sha’nini bulg‘ovchi harakatlar qilish, jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish taqiqlanishi va qonun bilan jazolanishi haqidagi moddalar bilan to‘ldirilishi zarur degan fikrdaman. Zero, bugungi kunda aynan ayollarning o‘z uyida yoki turmush qurgan oilasida tahqirlanishi holatlari ko‘plab uchramoqda. Ushbu holatlar ko‘pincha o‘zbekchilik istiholasi tufayli oshkor qilinmayotgani yoki ko‘pincha jazosiz qolayotganini kuzatish mumkin. O‘zbekistonda aynan ayollarni himoya qilish, nochor ahvolga tushgan xotin-qizlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Nemolchi.uz” dasturi ishga tushgan. Ularga kelib tushayotgan xabarlarning ko‘pligi ushbu muammoning o‘ta dolzarbligidan dalolat beradi.
Ayolni ulug‘lagan, ardoqlagan jamiyat hech qachon zavol topmaydi. Chunki ayol bu – ona, opa-singil va farzandimiz. Ayollari ziyoli bo‘lgan yurtning kelajagi porloq bo‘ladi, negaki ayol – farzand tarbiyachisi.
Shunday ekan, Uchinchi Renessansga yaxshi niyatlar bilan qadam qo‘ygan Yangi O‘zbekiston jamiyati ham o‘z qarashlarini yangilaydi, yanada insonparvar va bag‘rikeng qiladi degan umiddamiz.
Farida Umarova,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi.
O‘zA