Xalqimiz sevgan shoir Erkin Vohidovning she’riy misralari har birimizning qalbimizdan joy olgan.
Uning senu mendek shoirlari ko‘p,
Buyuk elga endi daholar kerak.
El dardi, xalq qayg‘usi bilan yashagan zabardast ijodkor so‘z qudratini teran his etgan ardoqli va chinakam shoir edi.
O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir va adib Erkin Vohidov tavalludiga 84 yil to‘lganligi munosabati bilan Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazida she’riyat tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida shoirning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi qisqa metrajli videofilm namoyish etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ijodkorning milliy adabiyotimiz ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissa haqida so‘z yuritishdi.
So‘z zargari, tilimiz jonkuyari Erkin Vohidov bir necha tilni, eng avvalo, ona tilini chuqur egallagan, uning boyliklari, nazokati, tarovati, tovlanishlaridan keng xabardor, so‘zni o‘z hukmiga bo‘ysundirgan san’atkor edi.
Atoqli shoir yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she’riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi.
Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.
Tadbir so‘nggida atoqli shoirning ko‘ngilga yaqin she’rlaridan namunalar o‘qildi, qo‘shiqlar kuylandi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA