Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 88 yilligi munosabati bilan “Erkin Vohidov ijodiy merosi va turkiy adabiyot masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori,  akademik, navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov Erkin Vohidov o‘zining betakror ijodi, keng qamrovli faoliyati bilan xalqimiz qalbidan chuqur o‘rin olgan inson bo‘lganini ta’kidladi.  

–Erkin Vohidov mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, adabiy hayotida ulkan ahamiyat kasb etgan ijodkor sifatida xalqimiz qalbida manguga muhrlanib qolgan, – dedi akademik Shuhrat Sirojiddinov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimizning ardoqli shoiri ijodini chuqur o‘rganish, uning xotirasini abadiylashtirish borasida ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirildi.  

Darhaqiqat, keyingi yillarda Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi, fayzli bog‘ barpo etildi. Uning haykali qad rostladi. Asarlari nainki yurtimiz, balki xorijda ham chuqur o‘rganilmoqda. 2024 yilda Bo‘stonliq tumanida Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan she’riyat festivali o‘tkazildi.  

–Erkin akaning bolaligida urushlar o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Bu jihatlar uning aksariyat she’rlarida, dostonlarida o‘zining ifodasini topgan. Biz Erkin aka bilan 22-maktabda birga o‘qiganmiz. Erkin Vohidov ijodida uning hayotiga daxldor bo‘lmagan biron bir satr yo‘q. Ana shu daxldorlik, millatdoshlik, vatandoshlik, tug‘ishganlik tuyg‘usi uni shoirlik darajasiga ko‘tardi. Erkin Vohidov asarlarini to‘liq o‘qisangiz, uning ma’naviy tayanch nuqtasi, hayot ufqlarini anglaysiz.  

– Erkin Vohidov nainki o‘zbek xalqi, balki bu turkiy xalqlarning sevimli shoiridir, – dedi ozarbayjonlik  adabiyotshunos olima Almaz Ulvi Binnatova. – Uning ijodi Ozarbayjonda ham sevib mutolaa qilinadi. Uning “So‘z latofati” asarini ozarbayjon tiliga tarjima qildim. Shoirning har bir so‘zida hikmat, latofat, injalik, zariflik, ham konkretlik bor. Uning so‘zlari ozarbayjon tiliga juda yaqin ediki, uni tilimizga tarjima emas, uyg‘unlashtirdim.  

Olima “So‘z latofati” kitobining Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan taqdimoti, asarni ozarbayjon adabiy muhiti, tilshunoslar, keng kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘qilayotgani, uning ilmiy-amaliy jihatlari to‘g‘risida batafsil so‘zladi.  

Anjumanda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayevning tabrigi o‘qib, eshittirildi.  

Anjumanda Erkin Vohidov ijodining tarbiyaviy, g‘oyaviy jihatlari, betakror badiiyati, tarjimonlik salohiyati va mas’uliyati, faol fuqarolik pozitsiyasi, barcha yoshlarga ibrat bo‘lishga arzigulik insoniy fazilatlari yodga olindi.  

Shoir hayoti va ijodi haqidagi videorolik namoyish etildi. Shoir so‘zlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar O‘zbekiston xalq artisti Hojiakbar Hamidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shomag‘rupov tomonidan ijro etildi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Erkin Vohidov ijodiy merosi va turkiy adabiyot masalalari