Erkin so‘z va ochiqlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Milliy matbuot markazida «Milliy istiqlol va jurnalistika» mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga milliy matbuotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz jurnalistlar, faxriy ijodkorlar va soha vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda mustaqillik yillarida milliy jurnalistikada yuz bergan o‘zgarishlar, sohaning taraqqiyot bosqichlari, jurnalist kasbining jamiyat hayotidagi o‘rni va mas’uliyati haqida fikr almashildi.
Anjumanda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, ustoz jurnalistlar Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, Muqaddas Abdusamatova va boshqalar istiqlol yillarida milliy jurnalistikamiz misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
— Uyushma ustoz jurnalistlar, faxriy ijodkorlar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Ularning yo‘l-yo‘riqlari, nasihat va maslahatlari tuzilma faoliyatida katta ahamiyat kasb etadi, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov. — Endilikda uyushmaning xalqaro miqyosdagi faoliyatini yanada kuchaytirishni ko‘zda tutmoqdamiz.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida milliy matbuotimizda tub ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Turli yo‘nalishdagi xususiy va jamoatchilik nashrlari, telekanallar hamda radiolar tashkil etildi. An’anaviy matbuotdan raqamli formatga o‘tish jarayoni jadallashdi. Internet-jurnalistika, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar tez sur’atlarda rivojlandi.
Davlat organlarining matbuot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jamiyatda ochiqlik muhiti shakllandi. Jurnalistlar xalqaro andozalar asosida ishlay boshladi. Tanqidiy va tahliliy materiallar, jurnalistik surishtiruvlar rivoj topdi. Mediamaydonda raqobat kuchayishi esa kontent sifati va tezkorligining oshishiga xizmat qildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalar ham bildirildi.
Ta’kidlanganidek, milliy matbuotimiz mustaqillik yillarida nafaqat davr solnomachisiga, balki jamiyatning uyg‘oq vijdoni va haqiqat ko‘zgusiga aylandi. Bugun o‘zbek jurnalistikasi zamon bilan hamnafas odimlab, fikrlar rang-barangligi va erkin so‘z tamoyillarini yuksak qadriyat sifatida qaror toptirmoqda.
Raqamli asr shiddati milliy media maydonimizga yangi nafas olib kirdi. Bugun jurnalistlarimiz xalq ovozini yuksak minbarlardan yangratmoqda. Matbuot va so‘z erkinligi sohasidagi islohotlar xalq bilan ochiq muloqot ko‘prigini mustahkamlab, demokratik yangilanishlarning muhim omillaridan biriga aylandi.
Anjumanda ustoz ijodkorlar va faxriy jurnalistlarning O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi taklif va mulohazalari batafsil muhokama qilindi.
Nazokat Usmonova,
Otabek Mirsoatov (suratlar), O‘zA