2025 yil 18 aprelda “Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev yangi qonunning eng muhim jihatlari haqida so‘zlab berdi:
– Qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Tadbirkorlarga kafolat (kafillik) berish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs – kafolatlar berish tashkiloti nobank kredit tashkilotlari qatoriga kiritildi. Bundan faktoring xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan yuridik shaxs – faktoring tashkiloti ham o‘rin oldi.
Kafolatlar berish tashkiloti uchun ustav fondining eng kam miqdori 100 milliard so‘m, faktoring tashkilotlari uchun 2 milliard so‘m etib belgilandi.

Kafolatlar berish tashkiloti va Faktoring tashkilotlari Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tkazilishi hamda ularning faoliyati mazkur tuzilma tomonidan tartibga solinishi va nazorat qilinishi belgilandi.
Faktoring sohasidagi munosabatlarni tartibga solish Xususiy huquqni unifikatsiya qilish xalqaro instituti tomonidan qabul qilingan Faktoring bo‘yicha namunaviy qonundan kelib chiqib takomillashtirildi.
Xususan, faktoring ob’ekti sifatida yuridik shaxsga yoki tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan kelib chiqadigan pul talabnomasi belgilandi. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzilganlik uchun javobgarlik bekor qilindi. Qarzdorning huquqlarini himoya qilish maqsadida moliya agenti tomonidan to‘lov amalga oshiriladigan davlat va valyuta turi o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat beriladi. Pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalarni garov reyestrida ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Shuningdek, nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga qo‘yilgan ayrim cheklovlar yumshatildi va takomillashtirildi. Jumladan, nobank kredit tashkilotlariga jismoniy shaxs bo‘lgan ta’sischilaridan amaldagiga nisbatan 2 baravar ko‘p miqdorda qarz mablag‘larini jalb qilishga ruxsat berildi.
Nobank kredit tashkiloti ustav fondidagi 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan ulush olinganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etildi.
Nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi, mikromoliya tashkilotlari tomonidan yuridik shaxslarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilishi va mikromoliya tashkilotlari litsenziya asosida to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirishlari mumkinligi belgilandi.
Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, MBning Auditorlik qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha ham talablar kiritildi. Jumladan, Markaziy bank boshqaruvining mustaqil a’zolaridan biri Auditorlik qo‘mitasining raisi bo‘lishi hamda qo‘mitaning bir nafar a’zosi buxgalteriya hisobi yoki audit sohasida ish tajribasiga ega bo‘lishi kerakligi belgilandi.
Markaziy bank boshqaruvi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida Auditorlik qo‘mitasi Markaziy bankda moliyaviy hisobotlar tayyorlanishi jarayoni va ichki audit xizmati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. Xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlarining samaradorligini kuzatib borish hamda tashqi auditning sifatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni bajaradi.
Mazkur qonun tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati oshishiga hamda biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalari joriy etilishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA