Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shvetsiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Yaponiya singari mamlakatlardan taniqli olimlar qatnashdi.
Konferensiyada ishtirok etgan Ramazan Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti professori (Qozog‘iston) Erkin Baydarov bilan suhbatlashdik.
– Konferensiya juda yuqori saviyada va kayfiyatda o‘tdi, – dedi E. Baydarov. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga murojaati nafaqat tabrik, balki olimlar oldiga yangi vazifalar qo‘ygani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Aytib o‘tish kerakki, jadidchilik harakati Markaziy Osiyo xalqlari hayotida juda muhim o‘rin tutgan. Jadidlar erkinlik uchun, o‘z xalqining ozodligi, Turkiston mustaqilligi yo‘lida jonlarini qurbon qilgan.
Xalqni ilm-ma’rifatga boshlash uchun ular jadid maktablariga asos solgan. Mintaqamizda ilk gazetalar ular tomonidan chop etildi. Xalqni ma’rifatga boshlash yo‘lida ular ilk teatr va muzeylar ochilishida bosh-qosh bo‘lib, xalqning nafaqat ma’rifiy, balki madaniy hayotida o‘zgarish yasashga intilganlar.
Jadidchilik haqida so‘z borar ekan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Avloniy kabi allomalar bu harakatda asosiy rollarni o‘ynaganini e’tirof etish kerak.
Turkiston muxtoriyatini shakllantirishda ular muhim o‘rin tutgan. Bu mintaqada demokratik davlatni shakllantirishdagi ilk tajriba bo‘ldi va tarixda qoldi. Afsuski, bu uzoqqa bormadi. Jadid ziyolilar birin-ketin sovet hukumati tomonidan qatag‘on qilindi. Lekin jadidlarning o‘lmas g‘oyalari, intilishlari xalqning qalbida qoldi.
Bugun dunyo olimlarini bir joyga jamlagan konferensiyada jadidlar tarixi, uning ilmiy tadqiq etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bu esa jadidchilikka oid yangi izlanishlarga turtki bo‘ladi. Chunki izlanishlar hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Safimizga kirib kelayotgan yosh avlod bu mavzuni o‘z nuqti nazari bilan yana o‘rganadi, tahlil qiladi.
Turkiston xalqlari tarixini biz bilishimiz, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz uchun ham mana shunday konferensiyalarning ahamiyati juda katta.
Norgul Abduraimova,
Davron Ernazarov (rasm), O‘zA