Erdo‘g‘on Gretsiyani noqonuniy migrantlarning o‘limida aybladi
Gretsiya hukumati noqonuniy migrantlar o‘tirgan qayiqlarni suvga cho‘ktirmoqda, natijada odamlar halok bo‘lmoqda, dedi Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on.
Bundan avval gollandiyalik jurnalist Gretsiyani migrantlar bilan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘layotgani va inson huquqlarini buzayotganlikda ayblagan edi. Shundan keyin Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis jurnalist bilan bahslashib qolgandi.
"Qochqinlar bilan yuz berayotgan inqirozga Turkiya aybdor, deyish – bu noshukurlikdir. Biz 5 million qochqinga boshpana berdik, ularning to‘rt millioni Suriyadan. Agar biz chegaralarni ochsak, bilmadim, Goretsiya nima qilar ekan. O‘rtayer dengizi va Egey dengizida qayiqlarni aynan Gretsiya cho‘ktirmoqda, qayiqlarda ayollar va bolalar borligiga ham e’tibor qilayotgani yo‘q. Bizning qo‘limizda buning isboti bor, ular qochqinlarni qanday cho‘ktirayotgani haqida videolar bor. Siz dunyo hamjamiyatini aldashingiz mumkin, lekin Turkiyani alday olmaysiz", – dedi Erdo‘g‘on Anqarada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Gretsiyaning sohil qo‘riqchilari qochqinlar o‘tirgan qayiqlarni sohilga yaqinlashtirmayotgani, ularni Turkiya suv hududiga itarib haydayotgani haqida o‘zoq vaqtdan beri bong urib keladi. O‘z navbatida, Gretsiya hukumati qochqinlar o‘tirgan qayiqlarni hududiga kiritmayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Biroq AQSH davlat departamenti inson huquqlari bo‘yicha 2020 yilda e’lon qilgan yillik ma’ruzasida Gretsiyaning inson huquqlariga rioya qilmayotgani, migrantlar o‘tirgan qayiqlarni muntazam ravishda Gretsiya suvliklaridan haydab chiqarayotgani bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan Amnesty International xalqaro tashkiloti ham 2021 yil iyulda e’lon qilgan ma’ruzasida 2020 yilda Gretsiya chegaralarida qochqinlar majburlab haydab chiqarilayotgani bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan edi.