Erdo‘g‘on BMT Bosh assambleyasida Qrim haqida gapirdi
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on BMT Bosh assambleyasida so‘zga chiqib, Ukrainaning hududiy yaxlitligini, jumladan, Rossiya tomonidan “anneksiya qilingan” Qrim hududi bilan birga saqlab qolish muhim ekanini ta’kidladi.
Bundan avval Turkiya tashqi ishlar vazirligi 17-19 sentyabr kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tgan Davlat dumasiga saylovlarning Qrimga tegishli tomoni Anqara uchun huquqiy kuchga ega emasligini aytgan edi. Chunki mamlakat yarimorolning Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olinishini tan olmaydi, deyilgandi o‘shanda. O‘z navbatida, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Anqaraning ushbu bayonotini qabul qilmasligini ma’lum qildi.
"Biz, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xususan, Qrim hududi bilan birga saqlab qolish muhim, deb hisoblaymiz. Chunki orolning anneksiya qilinishini biz tan olmaymiz. Qrim tatarlari huquqlarini himoya qilishda ham sa’y-harakatlarni to‘xtatmaslik kerak", - dedi Erdo‘g‘an o‘z nutqida.