Yashab turgan xonadoni boshqa kishiga o‘tganini ayol tasodifan bilib qoldi.
Ya’ni unga uydan doimiy ro‘yxatdan chiqish haqida xabarnoma keldi.
Gap nimadaligini tushunmagan ayol besh yil muqaddam boshqa davlatga ketgan, lekin bedarak ketgan turmush o‘rtog‘ining ota-onasi bilan bog‘landi. Ular hech narsadan xabari yo‘qligini aytishdi.
Biroq, el og‘ziga elak tutib bo‘lmaganidek, ayolning eri qaytib kelgani va uyni xotiniga aytmay sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi.
Ayol sudga murojaat qilib, huquqini himoya qilishlarini so‘radi. Yuz bergan voqeada notariusni ayblab, o‘zidan rozilik olinmagani, bu qonunga xilof ekanini iddao qildi.
Xo‘sh, ayolning eri bilan yashagan uyda haqqi bormi? Umuman, qachon er va xotin mulkiy munosabatlarda bir-biriga haqdor bo‘ladi?
– Er va xotin qonuniy turmush qurganidan keyin birgalikda orttirgan mol-mulkiga teng ulushda haqdor bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston Notarial palatasi bo‘limi boshlig‘i Zuhra Musayeva. – Ularning umumiy nikoh davomida orttirgan birgalikdagi mol-mulki bo‘lmasa, mulk ulardan biri tomonidan tasarruf etilganda ikkinchisining roziligi olinmaydi.
Shu o‘rinda qaysi holatlarda er yoki xotinning roziligi kerak emasligiga oydinlik kiritib o‘tsak: mulk nikohdan oldin sotib olingan bo‘lsa; er yoki xotin mulkni hadya tariqasida olgan bo‘lsa; mulki er yoki xotinga meros bo‘lib o‘tgan bo‘lsa; er yoki xotinga xonadon xususiylashtirilishi natijasida tegishli bo‘lgan bo‘lsa; nikoh shartnomasi asosida mulk faqat bir kishiga tegishli ekani yozilgan bo‘lsa.
Yuqoridagi holatda er o‘ziga tegishli xonadonni turmush qurishidan oldin sotib olgan. Shu bois bu mulk umumiy mulk hisoblanmaydi. Shuning uchun er mulkni tasarruf etishda xotinining roziligi talab qilinmaydi.
Lekin qonunning yana bir tomoni bor. Agar nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, sud qarori bilan er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki, deb topilishi mumkin.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zulfiya Osmanovaning fikricha, uy egasi uni sotayotganda shu uyda yashovchi voyaga yetgan fuqarolarni xabardor qilishi kerak.
Notarius tomonlarning kelishuviga binoan, sotuvchi ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zolarini ro‘yxatdan chiqarish majburiyatini o‘z zimmasiga olishini shartnomada yozib qo‘yadi.
Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi holatda aynan shu amaliyot qo‘llanilgan. Biroq sotuvchi zimmasiga yuklatilgan majburiyatni bajarmagan. Xaridor, ya’ni uyning yangi egasi sudga xonadondagi boshqa shaxslarni ro‘yxatdan chiqarishni talab qilib murojaat qilgan. Ro‘yxatda turuvchilar bu harakatdan norozi bo‘lsa, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin.
Yana boshqa bir holatda ayol turmush o‘rtog‘ining kasalligi, yashayotgan uylari unga ota-onasidan meros bo‘lib qolgani, o‘rtada farzand yo‘qligi, shunga qaramay uyni eri o‘ziga o‘tkazib bermoqchi ekanini, ammo bunga qarindoshlari qarshilik qilayotganini bildirgan. Bu holatda er uyni ayoliga hadya qilib bera oladimi?
– Bu holatda er o‘ziga meros bo‘lib o‘tgan uy-joyni hohlagan shaxsga, shu jumladan, ayoliga hadya qilish huquqiga ega, – deydi notarius Umid Jalilov. – Bundan tashqari, er uy-joyni ayoliga hadya shartnomasi orqali o‘tkazib bersa, davlat bojini imtiyozli ravishda (ya’ni 50 foiz) to‘lash huquqiga ega. Meros guvohnomasida erining yakka o‘zi merosxo‘r bo‘lsa, boshqa hech kimning roziligi talab qilinmaydi.
Lekin bemor og‘ir holatda, o‘z harakatlariga javob bera olmasa, notarius tomonidan notarial harakatni rad etishga asos bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Notarial palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulkni begonalashtirish bo‘yicha 148 ming 750 bitim tuzilgan. Shundan 108 ming 723 tasi oldi-sotdi qilingan. 27 ming 752 hadya shartnomasi tuzilgan. 139 ko‘chmas mulkni ayirbosh shartnomasi tuzilgan. Er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushiga 2 ming 426 guvohnoma berilgan. 1 ming 249 nikoh shartnomasi tasdiqlangan.
Aytish joizki, 2020 yil mobaynida nikoh shartnomasi tuzish holati 423 tani tashkil etgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, er va xotin o‘rtasidagi mulkiy munosabatlar qonuniylashtirilayotgani ko‘payayotganini kuzatish mumkin.
Notarial palata tomonidan tashkil etilgan “Telegram” messenjeridagi “Notarius maslahati Chat” muloqot guruhida aholini qiziqtirgan savollarga uzluksiz javob berib borilmoqda. Shu bilan birga notarial harakatlar bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA