“EPAM systems” kompaniyasi bilan IT eksporti hajmi oshadi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “EPAM systems” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida ushbu kompaniya bilan hamkorlikni rivojlantirish, xususan, IT PARK rezidentlari uchun viza olish tartibini osonlashtirish, yirik kompaniyalar ishtirokida muhim tadbirlar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

bugungi kunda Respublikada raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilyapti. IT xizmat bozori ham jadal rivojlanmoqda. Tabiiyki, sohada malakali kadrlarga talab ham oshmoqda.
Dasturiy ta’minot ishlab chiqish va IT-sohasida konsalting xizmati ko‘rsatish bo‘yicha jahondagi yirik korxonalardan biri, IT PARK rezidenti “EPAM systems” kompaniyasi ham faoliyati doirasida mutahassislar tayyorlash bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

30 dan ortiq mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan, Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston singari davlatlarda vakolatxona ochgan kompaniya xodimlari soni 43 mingdan oshgan. 2019 yil mamlakatimizda ochilgan filialda 300 dan ziyod mutaxassis ishlaydi.
Kompaniya IT mutaxassis tayyorlashga ixtisoslashgan qator mahalliy o‘quv muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universitetida EPAM laboratoriyalari tashkil qilingan. Joriy yil kompaniya ishtirokida 100 ga yaqin IT mutaxassis tayyorlandi.
G.Sattorova,
O‘zA