Enso Fernandes “Manchester Siti” bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib oldi
Argentinalik futbolchi shu hafta oxiridayoq “Chelsi”ni tark etishi mumkin.
“Chelsi” yarim himoyachisi Enso Fernandes “Manchester Siti” bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishdi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” hozircha “Chelsi”ga rasmiy taklif yubormagan. Biroq klublar o‘rtasidagi aloqalar yaqin vaqt ichida boshlanishi kutilmoqda. Argentinalik futbolchi shu hafta oxiridayoq “Chelsi”ni tark etishi mumkin.
Avvalroq OAV London klubi Fernandes transferi uchun 120 million funt (taxminan 140 million yevro) talab qilayotgani haqida xabar bergandi.
Enso “Chelsi” safida 2023-yil yanvaridan buyon to‘p tepib kelmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2032-yil yozigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, argentinalik yarim himoyachining bozor qiymati 100 million yevroni tashkil etadi.