Andijonda mahalla yoshlari o‘rtasidagi “Yosh tadbirkor” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarning tadbirkorlik va biznesga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 59 nafar mahalla yoshlari o‘zining biznes g‘oya, loyihalari bilan ishtirok etdi.
Qiziqarli va o‘ziga xos biznes loyihalar taqdim etilgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Paxtaobod tumani Obod mahallasi vakili Islombek Komilov birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
[gallery-19667]
– Men Andijon davlat universitetida fizika-matematika yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada o‘qish bilan birga, “Kristall” xususiy maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, – deydi tanlov g‘olibi I.Komilov. – Tanlovda plastmassa chiqindilarni qayta ishlash, ulardan tibbiyot shpritsining plastmassa qismini tayyorlash bo‘yicha loyiham bilan qatnashdim.
Men taqdim etgan loyiha mutaxassis va mutasaddilarning e’tiboriga tushib, g‘olib deb topilganligidan xursandman. Asosiy maqsadim, ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga o‘z hissamni qo‘shishdir.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Buloqboshi tumanidagi Balandchek mahallasi vakili Shohjahon Malikovga, uchinchi o‘rin esa Izboskan tumanidagi Manguberdi mahallasi vakili Erkinjon Rahmatovga nasib etdi. Endi g‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida Andijon viloyati sharafini himoya qiladi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilarining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.