“Eng yaxshi xorijiy tillar maktabi” aniqlanmoqda
Buxoro viloyatida yoshlarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda zamonaviy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 ta jamoa ishtirok etib, o‘z bilim va intellektual salohiyatini namoyon qildi. Bellashuvlar ishtirokchilarning xorijiy tillarni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, tinglab tushunish, matnni anglab o‘qish, yozma savodxonlik hamda leksik-grammatik yo‘nalishlarida o‘tkazildi.
Test jarayonlari respublika bo‘ylab yagona mezon va tartib asosida tashkil qilinib, barcha hududlarda bir vaqtda, 11:00 da boshlandi hamda 2 soat davom etdi. Bu esa tanlovning ochiq, xolis va adolatli o‘tishini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Tanlov jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida test materiallari markazlashgan tartibda tekshirilishi belgilangan bo‘lib, natijalar aniq muddatlarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, viloyat bosqichida yuqori natija qayd etgan g‘olib jamoalar munosib rag‘batlantiriladi. Xususan, birinchi o‘rin sohibiga 250 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 200 million so‘m hamda uchinchi o‘rin g‘olibiga 150 million so‘m miqdorida pul mukofoti topshiriladi.
[gallery-29161]
Bugungi kunda xorijiy tillarni bilish yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayniqsa, xalqaro ta’lim, zamonaviy texnologiyalar va global mehnat bozorida raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishda til bilimining ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda, mazkur tanlov nafaqat maktablar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvi, balki ta’lim sifati va o‘qituvchilar mahoratini baholashning muhim platformasi sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA