Eng yaxshi veb-saytlar aniqlandi
Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan tuman va shahar hokimliklari, hududiy boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida “Eng yaxshi veb-sayt” tanlovi o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan tuman va shahar hokimliklari, hududiy boshqarma va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida “Eng yaxshi veb-sayt” tanlovi o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovda 70 ga yaqin veb-sayt faoliyati o‘rganilib, mutaxassislar tomonidan baholandi.
– Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari to‘g‘risidagi axborotni ularning rasmiy veb-saytida joylashtirish va yangilab borish faoliyat ochiqligini ta’minlashning asosiy usullaridan biridir, – deydi Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari M.Ibodullayev. – Qonunning mazkur talabidan kelib chiqib, viloyatimizdagi hokimliklar, boshqarma va idoralar o‘z veb-saytini tashkil etgan hamda ayni paytda o‘z faoliyati haqidagi ma’lumotlarni joylashtirib bormoqda. Tanlov jarayonida bu boradagi ibratli tajribalarni ommalashtirish va veb-saytlarni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Saytlarning foydalanishda qulayligi, viloyat hayotini tezkor va xolis yoritishdagi ishtiroki, ma’lumotlarga boyligi baholashning asosiy mezoni bo‘ldi.
Tanlov davomida bir qator shahar va tumanlar hokimliklari, boshqarmalarning veb-saytlari yangi dizaynda ishlandi, ma’lumotlar bazasi kengaytirildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga viloyat komputerlashtirish markazi xodimlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari, magistr va talabalari yaqindan yordam berdi.
Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasining veb-sayti eng yaxshi veb-sayt, deb topildi. Viloyat statistika boshqarmasi va “Samarqandavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti veb-saytlari keyingi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.