Ulug‘lar doim eng yaxshi odat bu – sayohat, deya ta’kidlaydilar. Inson fitratida ham sayr qilishga moyillik azaldan shakllangan. Ma’lum bo‘lishicha, ruhiyatni hech bir omil sayohatchalik ko‘tarinki qilolmas ekan. Tadqiqotchilar yoshlikda tez-tez safar qilishni tavsiya qiladilar. Negaki, bu maqsadni aniqlashtirib olishga yordam beradi.
Qolaversa, sayrning sog‘lik uchun ham foydasi tengsiz. Inson stressga tushmasligining ham oldini olishda uning o‘rni katta.
Shu o‘rinda sayr va sayohat bir-biridan birmuncha farqlanishini eslatib o‘tmoqchimiz. Sayr - torroq doirada qo‘llansa, masalan, hovlida aylanib yurish ham sayr. Sayohat esa kengroq ma’noda, chet elga yoki uzoqroq biror joyga safar qilishga aytiladi.
Biroq, bu ikkisini ham bir ma’noda qo‘llash noto‘g‘ri emas. Shuning uchun ham biz ikkisini bir o‘rinda ishlatmoqdamiz. Shuni aytish kerakki, sayohat qilish kishining nafaqat ruhiga, balki jismiga ham quvvat manbai bo‘ladi.
U turli kasalliklarning xususan, qonda xolesterin miqdorini me’yorlashtirib, ateroskleroz rivojlanish xavfining oldini oladi.
Bugungi qizg‘in hayot tarzida inson o‘zi uchun ham vaqt ajratib turishi muhim sanaladi. Hech bo‘lmasa, doimiy toza havoli maskanlarga sayr-u sayohat uyushtirib turishni oilaviy yo‘lga qo‘ysak, turmush tarzimizni yanada sog‘lomlashtirgan bo‘lamiz.
Vaholanki, yurtimiz jannatmakon go‘sha. Qadimiy yodgorliklar ham, zamonaviy inshootlar ham talaygina. Qolaversa, ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator islohotlar olib borilib, yurtdoshlarimizga qulayliklar taqdim etilmoqda.
Har birimiz bunday imkoniyatlardan foydalangan holda tez-tez sayohatga odatlansak, yashash tarzimizda ham, ish faoliyatimizda ham ijobiy o‘zgarishlar his etmog‘imiz aniq.
Sherbek Islomov,
O‘zA