Eng yaxshi ixtiro, eng yaxshi loyiha, eng yaxshi g‘oya - tanlov g‘oliblari taqdirlandi (+video)
Toshkentda muhandislik yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash hamda 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, vazirlik huzuridagi Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi hamda “INNO Technopark” hamkorligida tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab har yili muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tanlovlar iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning g‘oya va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Tantanali marosim davomida tanlovda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Xususan, birinchi o‘rinni egallagan 9 nafar g‘olibga BYD Chazor rusumli zamonaviy avtomobillar kalitlari topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tadbir ramkasida “Muhandis ayol” hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalariga stajirovka tanlovlari g‘oliblariga ham maxsus mukofotlar topshirildi.
Shu bilan birga, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh fidoiy ustoz va murabbiylar “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Ziyovuddin Nuriddinov, Doniyor Yakubov, Salimjon Obidjonov, O‘zA