“Hududgazta’minot” AJ tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi ilmiy ishlanma” startap loyihalar tanlovi yakunlandi.
Shu munosabat bilan jamiyat binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda ekspertlar guruhi tanlov ishtirokchilariga sohadagi innovatsion islohotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Ta’kidlanishicha, ushbu tanlov yosh olimlarning yangi loyihalarni yaratishga bo‘lgan qiziqishini yanada orttiradi.

Mazkur tanlovning dastlabki bosqichida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universitetidan 8 nafar talaba va ilmiy xodim ishtirok etgan.
Joriy yilning 14 yanvar kuni tanlovning yakuniy bosqichi o‘tkazilgan. Unda I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Qarshi shahridagi Iqtisodiyot va pedagogika universitetidan 6 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bunda yosh olimlar energiya resurslaridan oqilona foydalanish, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish kabi sohalardagi ilmiy ishlanmalarini taqdim etdi.

“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozovaning qayd etishicha, tanlov natijalari 10 kun ichida “Hududgazta’minot” AJning rasmiy veb-sayti va kanallarida e’lon qilinadi.
–Bunday ilmiy tadbirlar ilm-fan va ishlab chiqarishni birlashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda sohadagi muammolarga ilmiy-texnik yechim topishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, “Hududgazta’minot” AJ yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga intilayotgani ham quvonarli. Yosh olimlarning bu kabi tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz taraqqiyotiga, balki global miqyosdagi texnologik rivojlanishga ham hissa qo‘shishi shubhasiz, – dedi D.Jumaniyozova.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA