Eng yaxshi hamshiralar g‘olib bo‘ldi
Buxoroda respublika “Hamshira – 2023” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik tanlov quyi bosqichlarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan to‘qqiz nafar hamshiralar viloyat bosqichida o‘zaro bahslashdi. Biri biridan mohir hamshiralar tegishli nizom asosida to‘rtta shart bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.

Ko‘rik tanlovda hakamlar hay’atining odilona, shaffof baholab borishlari natijasida g‘oliblar aniqlandi. Har tomonlama yetuk bilimga ega bo‘lgan chaqqon ayniqsa amaliyot bosqichlarida o‘zini to‘g‘ri taktik hatti-harakatlari bilan eng yuqori natija bilan birinchi o‘rinni Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali hamshirasi Svetlana Nazaryan faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. U mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib respublika bosqichiga yo‘llanma oldi va viloyat sha’nini himoya qiladi.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi Nilufar Nosirova esa tanlovda munosib ishtirok etib, ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamshirasi Nasiba Boboqulova esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ko‘rik tanlovning barcha ishtirokchilari O‘zbekiston Hamshiralar Assotsiatsiyasi Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, viloyat tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi ham o‘z sovg‘alari bilan ishtirok etib, qizlarni mamnun qildi. Viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomalarini viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Jalilov topshirdi.
Zarif Komilov, O‘zA