Eng ulug‘, eng aziz bayram tadbirlari davom etmoqda
Bugun yurtimizning har bir go‘shasida katta bayram. Xalqimiz Mustaqillik bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 34 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Har yili kombinat jamoasi ushbu bayramni o‘zgacha kayfiyatda kutib olishadi.

Tadbir avvalida kombinat Bosh direktori – O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulov cho‘zga chiqib, yig‘ilganlarni eng ulug‘ ayyom – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham o‘zgarishlar davrini boshlab berdi. Jumladan, kombinat jamoasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan investitsion loyihalar dasturi ijrosini 2024 yilda, ya’ni, muddatidan ikki yil oldin bajardi. Keyingi sakkiz yilda esa 4 ta yangi zavod ishga tushirildi.

Kombinatda bugungi kunda ham yirik loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Joriy yilda yirik loyiha – “Zarmitan” konida “Skipli” shaxta stvoli ishga tushirildi. Shuningdek, “Muruntov”, “Dovg‘iztov” va “Qoqpatas” konlarida investitsion loyihalar davom etmoqda.

7-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatini 25 million tonnaga, 3-gidrometallurgiya zavodi quvvatini 10 million tonnaga yetkazish bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. 2030 yilga borib 125 tonna oltin ishlab chiqarish va ma’dan xomashyosini qayta ishlash quvvatlarini 150 million tonnaga olib chiqish rejalashtirilgan.
Mustaqillik bayrami arafasida kombinat tomonidan Zarkent qo‘rg‘onida ishchi-xodimlar uchun barcha qulayliklarga ega 32 xonadonli turar-joy binosi, Shimoliy kon boshqarmasi “Auminzo-Amantoy” konida esa zamonaviy nazorat-o‘tkazuv punkti foydalanishga topshirildi. Navoiy mashinasozlik zavodining sport va madaniyat majmuasida voleybol va trenajyor zali ta’mirdan chiqarilib, yangi sport anjomlari bilan jihozlandi.
Albatta, kombinat tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar mehnati ham munosib e’tirof etilmoqda. Jumladan, mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, “Pistali” koni bosh muhandisi o‘rinbosari O‘ktam Qudratov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni, Markaziy kon boshqarmasi sex ustasi Lochin Xidirov “Mehnat shuhrati” ordeni, 3-avtobaza boshlig‘i Rashit Tursunov “Do‘stlik” ordeni, Shimoliy kon boshqarmasi direktori Naim Amonov va “Muruntov” koni portlatuvchisi Shuhrat Yodgorovlar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Tadbirda “Farhod” madaniyat saroyi jamoasi va poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonandalar tomonidan dilrabo kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri