Eng ulug‘, eng aziz bayram tadbirlari davom etmoqda
Bugun yurtimizning har bir go‘shasida katta bayram. Xalqimiz Mustaqillik bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” o‘yingohida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 31 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.


Har yili kombinat jamoasi mazkur bayramni o‘zgacha kayfiyatda kutib oladi.
Keyingi ikki yilda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan 5- va 7-gidrometallurgiya zavodlari hamda 2-gidrometallurgiya zavodida yiliga 12 million tonna ma’danni qayta ishlaydigan “B” korpusi foydalanishga topshirilganligi korxona jamoasining ulkan salohiyati va imkoniyatlaridan dalolat beradi.


Qolaversa, eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida “Balpantov” va “Tomdibuloq” konlaridan qazib olinadigan ma’danlarni 2-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib beradigan 35 kilometrlik temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. O‘zbekiston konchilik sanoatida ilk bor “Zarmitan” sanoat maydonida shaxta chuqurligi ming metrga yetkazildi. Ayni kunlarda, yana bir katta loyiha - “Pistali" koni hududida 6-gidrometallurgiya zavodini qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan yurtboshimiz farmoniga muvofiq Markaziy kon boshqarmasi direktori Elmurod Xoliqulov “Mehnat shuhrati” ordeni, kombinat bosh geologi o‘rinbosari Ilhomjon Hamroyev “Do‘stlik” ordeni, Janubiy kon boshqarmasi konchilik bo‘limi yetakchi muhandisi Akmal Jamonqulov va Markaziy kon boshqarmasi Yong‘in qutqaruv qismi haydovchi-qutqaruvchisi Obidjon Abdullayev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Tadbirda “Farhod” madaniyat saroyi jamoasi va estrada xonandalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.


A.Bo‘riyev, O‘zA