Eng to‘g‘ri yo‘l — insonni og‘ir paytda qo‘llab-quvvatlash
Inson taqdiri ba’zan bir lahzada o‘zgarib ketadi. Ammo og‘ir sinovlar qarshisida qo‘l cho‘zadigan, umid bag‘ishlaydigan va yangi hayot sari yetaklaydigan mehribon insonlar ham bor. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Tayqir” mahallasida yashovchi Suvonovlar oilasi tarixi buning yorqin isbotidir.
Bugungi kunda mazkur mahallada 3225 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 123 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Nozima Egamova ana shu insonlarning dardiga malham bo‘lish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayotini yaxshilash yo‘lida tizimli faoliyat olib bormoqda.
Bir necha yil muqaddam mazkur mahalladagi oila boshlig‘i Sevindik Suvonov og‘ir avtohalokatga uchradi. Ushbu fojia nafaqat uning sog‘lig‘iga, balki butun oilaning turmush tarziga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Uzoq davolanish, ketma-ket jarrohlik amaliyotlari va doimiy parvarish ehtiyoji oilani og‘ir ijtimoiy ahvolga olib keldi.
Sevindikning turmush o‘rtog‘i Nilufar To‘rayeva bir vaqtning o‘zida ham go‘dak farzandiga, ham yotoqqa mixlanib qolgan turmush o‘rtog‘iga qarashga majbur bo‘ldi. Shu sababli u doimiy ish faoliyati bilan shug‘ullana olmadi. Oilaning moliyaviy ahvoli kundan-kun og‘irlashib bordi.
Ko‘pchilik uchun bunday vaziyat tushkunlik va umidsizlikka olib kelishi mumkin edi. Biroq bu oila taqdirida burilish nuqtasi yuz berdi.
Mahalla ijtimoiy xodimi Nozima Egamova tomonidan oilaning holati chuqur o‘rganildi va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish mexanizmi ishga tushirildi. Avvalo, oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilib, farzand uchun bola nafaqasi tayinlandi. Sevindik Suvonovga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalarini olish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Shu bilan birga, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi. Oila a’zolari psixologik va huquqiy maslahatlar bilan ta’minlandi. Bu esa nafaqat iqtisodiy muammolarni yengillashtirdi, balki ularning ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo eng muhim qadam bu emas edi. Bir g‘oya — bir oilaning taqdirini o‘zgartirdi
Zamonaviy ijtimoiy himoya tizimi faqat yordam berish bilan cheklanmaydi. U insonni mustaqil hayotga qaytarishni maqsad qiladi.
Aynan shu tamoyil asosida Nozima Egamova tomonidan Nilufar opaning xonadonida uy bog‘chasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu g‘oyaga amaliy yordam ko‘rsatildi va mini loyiha hayotga tatbiq etildi. Bugun ushbu uy bog‘chasi samarali faoliyat yuritmoqda. Eng e’tiborlisi, bog‘chada 40 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ham bor. Ular uchun alohida imtiyozli shart-sharoitlar yaratilgan. Natijada bir vaqtlar yordamga muhtoj bo‘lgan oila bugun boshqa oilalarga ham manfaat keltirayotgan maskanga aylandi.
Tahlillarga nazar tashlasak, mazkur holat ijtimoiy himoyaning eng samarali modeli qanday bo‘lishi kerakligini namoyon etadi. Chunki bir martalik moddiy yordam ma’lum muddatgagina yetadi. Daromad manbai yaratish esa insonda kelajakka ishonch bag‘ishlaydi. Suvonovlar oilasi misolida aynan shu yondashuv o‘z samarasini berdi. Bugun Sevindik akaning ahvoli ancha yaxshilangan. U hassa yordamida mustaqil harakatlana boshladi. Nilufar opa esa o‘z mehnati orqali oila daromadini ta’minlamoqda. Eng muhimi, farzandlar kelajagiga bo‘lgan ishonch qayta tiklandi.
Suvonovlar oilasi tarixi oddiy bir ijtimoiy xizmat tarixi emas. Bu inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik, og‘ir ahvolda qolganlarga o‘z vaqtida yordam berish va ularni mustaqil hayotga qaytarishning o‘ziga xos, samarali namunasidir.
Bugun mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar faqat hujjat rasmiylashtiruvchi mutaxassis emas. Ular insonlar taqdirini o‘zgartirayotgan, umidsizlik o‘rnida ishonch uyg‘otayotgan, muhtoj oilalarni yangi hayot sari yetaklayotgan fidoyi insonlardir.
Suvonovlar oilasi misoli yana bir haqiqatni isbotladi: insonga beradigan eng katta yordam — unga imkoniyat berishdir. Moddiy ko‘mak, psixologik qo‘llab-quvvatlash, huquqiy maslahat va eng muhimi, barqaror daromad manbaini yaratishga qaratilgan yondashuv bir oilaning hayotini tubdan o‘zgartirdi.
Kecha yordamga muhtoj bo‘lgan xonadon bugun mahalladagi bolalarga ta’lim-tarbiya berib, boshqa oilalarga ham naf keltirmoqda. Bu esa ijtimoiy himoyaning eng yuksak natijasi — insonni boqimandalikdan tadbirkorlikka, umidsizlikdan ishonchga olib chiqish ekanining yorqin isbotidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri