Eng namunali bojxonachi oilalar aniqlandi
15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda oila institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, ma’naviy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam poydevori.
Ma’lumki, 1994-yildan buyon har yili ushbu sana dunyoning deyarli barcha davlatlarida keng nishonlab kelinmoqda. Bu, oila institutining ahamiyatini oshirish, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga e’tibor qaratish hamda oilalar farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Oila insonning tug‘ilishi, tarbiyasi va shaxs sifatida shakllanishida eng muhim maskan hisoblanadi. U mehr-oqibat, insoniylik, milliy qadriyatlar va ma’naviy meros saqlanadigan muqaddas dargohdir.

Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror, davlat farovon bo‘ladi. Shu bois, yurtimizda oila institutini qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalarni rag‘batlantirish va barkamol avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro oila kuni munosabati bilan Bojxona institutida bojxona organlari tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy hamda sport yo‘nalishlarini qamrab olgan an’anaviy musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — xodimlarning namunali oilaviy hayotini qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish hamda yosh avlodni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Tanlov shartlariga muvofiq, ishtirokchi oilalar “Biz merganlar oilasimiz”, “Biz sportchi oilasimiz”, “Bilimdon oila” kabi uch yo‘nalishda o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdi.

Musobaqa jarayonini Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati kuzatib bordi. Qizg‘in va murosasiz kechgan final bosqichida Mamatqulovlar, Haqnazarovlar va Mardonovlar oilalari g‘oliblik uchun bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rin — Mardonovlar oilasi, 2-o‘rin — Mamatqulovlar oilasi va 1-o‘rin — Haqnazarovlar oilasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va ishtirokchilar Bojxona qo‘mitasining esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar xodimlarning kasbiy va ma’naviy salohiyatini oshirish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA