Toshkentda 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasida Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlarining “English Speaking Nation: Secondary Teacher Training” va “English Speaking Nation: Coaches Program” dasturiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov, AQSHning mamlakatimizdagi elchisi o‘rinbosari Alan Meltzer, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari vakolatxonasi rahbari Vilyam Shon O' Roark mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad, uni joriy qilish bo‘yicha olib borayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“English Speaking Nation: Secondary Teacher Training Program” (ESN: STT) dasturi 2019 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari (American Councils) hamkorligida boshlangan edi. Mazkur dastur o‘qituvchilarning ingliz tilini bilish darajasini oshirish va sinfda o‘qitish mahoratini takomillashtirish bo‘yicha umummilliy tashabbusdir.

Dastur 2020 yil 9 dekabr kuni o‘qitish va saralash bosqichidan o‘tdi. Keyingi haftadan Xalq ta’limi vazirligi va Amerika Kengashlari butun O‘zbekistondagi 85 dan ortiq o‘rta maktabning ingliz tili o‘qituvchilari uchun yarim final suhbatlar o‘tkazadi. Undan o‘tgan ingliz tili o‘qituvchilari yetakchi mutaxassislar tomonidan o‘qitiladi va xalqaro TESOL (Teaching English to Speakers of Onher Languages – boshqa tillarda so‘zlashadiganlarga ingliz tilini o‘rgatish) sertifikatiga ega bo‘ladi.
Xalqaro miqyosda e’tirof etilgan TESOL sertifikati 120 soatlik sertifikatlash kursini tugatgandan keyin beriladi va u O‘zbekistonning barcha mintaqalaridan 350 dan ziyod o‘rta maktab o‘qituvchisiga taqdim etiladi. Mazkur treninglar ESN dasturi ishtirokchilari uchun 2021 yil aprelgacha davom etadi.
TESOL sertifikatlaridan tashqari, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekistonda o‘qituvchilarni tayyorlash va ingliz tilini o‘rganishida qo‘llab-quvvatlash uchun ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha oltita mutaxassis – ESN trenerlarni taklif qiladi.

Keyingi 18 oy ichida dasturning kaskadli modeli doirasida 15 ming ingliz tili o‘qituvchilari TESOL sertifikatiga ega bo‘lgan mahalliy ingliz tili o‘qituvchilari va ESN trenerlari yordamida malakasini oshiradi.
– Dastur juda ko‘p o‘qituvchilarni qamrab oladi, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi o‘rinbosari Alan Meltzer.
– O‘qituvchilar o‘z malakasini oshirish bilan birga, O‘zbekistondagi yoshlarga malakali ta’lim beradi, bu esa ingliz tili o‘qitish darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bu kabi dasturlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA