Eng kuchli, eng chaqqon chavandozlar Amudaryo boʻyida bellashdi
Surxondaryo viloyatida ilk marta xalqaro uloq-koʻpkari musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Prezidentimizning 2021-yil 5-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan bellashuv Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston uloq-koʻpkari federatsiyasi va viloyat hokimligi hamkorligida oʻtkazildi.
Turnirning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov soʻzga chiqib, uzoq-yaqindan kelgan chavandozlar, xorijlik mehmonlar va muxlislarni Navroʻzi olam hamda oʻziga xos shodiyonaga aylangan xalqaro uloq-koʻpkari musobaqasi bilan tabrikladi. Nufuzli bellashuvda eng chaqqon, eng abjir chavandozlarning halollik va mahorat bilan zot ayirib, koʻp ming sonli koʻpkari muxlislariga oʻzgacha quvonch, zavq-shavq ulashishiga omad tiladi.

Uloq-koʻpkari oʻtmishdan ajdodlarimiz madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida ulugʻlab kelingan. Bu oʻyin qadimda ham toʻyu-tomoshalar va shodiyonali kunlarning eng ommabop, eng qiziqarli va eng suyukli tomoshalaridan biri boʻlgan. Chaqqonlik bilan halol zot ayirishga asoslangan koʻpkari nafaqat bu oʻyinga mehr qoʻygan chavandozlar balki, unga ishqiboz boʻlgan har bir kishining faxr tuygʻusini yuksaltirgan.
Azaldan xalqimizning otga bunday mehr qoʻyib, u bilan yaqin doʻst tutinishi va turli musobaqalar uyushtirganining ham siru-sinoati bor. Mutaxassislarning aytishicha, ot inson salomatligini tiklashda muhim oʻrin tutadi. Umurtqa, bosh va gavda muvozanatlarini idora qiladigan aʼzolarni samarali davolaydi. Shu bois hozir jahonning qator mamlakatlaridagi shifoxonalarda maxsus otxonalar tashkil etilgan boʻlib, bemorlarni shu usulda davolash taklif qilinadi.
Biroq, mamlakatimizda koʻp yillar yilqichilikni rivojlantirish, xalqimizning suyukli sport oʻyinlaridan biri boʻlgan koʻpkari musobaqalarini oʻtkazish eʼtibordan biroz chetda qoldi. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz gʻoyasi bilan yilqichilik qayta tiklanib, yurtimizda ot sporti keng yoʻlga qoʻyilmoqda. Hududlarda yilqichilik maktablari, klub va seksiyalar tashkil etilib, otga mehr qoʻygan yoshlar jalb qilinmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori azaldan bu soha yaxshi rivojlangan vohada yilqichilikni yana qayta tiklashda muhim omil boʻldi. Shunga muvofiq Termiz tumani Yangiobod mahallasi hududidagi 65 gektar maydon bino-inshootlari bilan Milliy gvardiya balansiga oʻtkazilib, Qorabayir otlari mahorat maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tumanlarda 14 ta Qorabayir otlari seksiyalari ochilib, yosh avlod chavandozlari tayyorlanmoqda.

“Har bir yigitning uyida oti boʻlsin” shiori ostida uloq-koʻpkari, zamonaviy besh kurash, polo kabi milliy ot sporti turlari boʻyicha mahalla, tuman va viloyat musobaqalarini uyushtirilmoqda. Bularning barchasi ot sporti musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazishda ajdodlarimiz yaqin doʻst, ishonchli sherik, deb bilgan Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish, milliy ot sportining dovrugʻini sayyoramizga yanada keng tarannum etishga xizmat qilayotir.
Ayni paytda ot sporti, xususan, uloq-koʻpkari musobaqasi nafaqat, Osiyo davlatlari balki, jahon xalqlarining sevimli mashgʻulotlaridan biriga aylangan. Koʻxna Termiz tuprogʻida dunyoning qator davlatlari chavandozlari va murabbiylarini birlashtirgan xalqaro musobaqa ham sayyoramizdagi koʻplab davlatlarda katta qiziqish uygʻotdi. Lekin, pandemiya hali toʻliq chekinmagani bois ular bu turnirda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmadi. Butunjahon etnosport konfederatsiyasi prezidenti janob Najmiddin Bilol Erdogʻan ham qadim Amudaryo boʻylarida ot choptirib, musobaqada gʻolib boʻlish, uloq ayirish istagi bilan bu yurtga kelgan mehmonlar va mahalliy chavandozlarni, koʻp ming sonli muxlislarni onlayn tabrikladi.
Xalqaro turnir doirasida matbuot anjumani tashkil etildi. Rossiya Kok-Boru va milliy sport turlari federatsiyasi prezidenti Kristina Karamashinaning mamlakatda ot sporti turlari shu jumladan, koʻpkarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor haqidagi taqdimoti oʻtkazildi. Qozogʻiston Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi, mashhur polvon Kuvanchbek Kuramayev Qozogʻistonda uloq-koʻpkari musobaqasining sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va doʻstlik aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyati haqidagi maʼruzasi tinglandi.

Qiziqarli lahzalarga boy boʻlgan turnirning saralash bosqichini “Oʻzbekiston-1” va Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi jamoalari boshlab berdi. Turnir bahonasida chavandozlar kuch sinashib, oʻzaro tajriba almashdi.
Ikki kun davom etgan musobaqada Qozogʻiston Respublikasi terma jamoasi birinchi, “Oʻzbekiston-1” terma jamoasi ikkinchi, “Oʻzbekiston-2” terma jamoasi uchinchi oʻrinni egalladi.
–Musobaqa juda qizgʻin va halol oʻtdi, – deydi Qozogʻiston Respublikasi terma jamoasi sardori Monarbek Duysenbiyev. – Oʻzbekistonda otlar juda zoʻr ekanu, ammo chavandozlarda andak tajriba yetishmadi. Bizning otlarimiz kuchli emas. Shunday boʻlsada, barcha davlatlar jamoalarini ortda qoldirib, turnir gʻolibi boʻlganimizdan faxrlanamiz. Oʻzbek chavandozlari va koʻpkari muxlislarini Qozogʻistonda oʻtadigan musobaqalarga taklif etamiz.
Gʻolib va sovrindorlar diplom, kubok va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Doʻstlik, hamjihatlik, milliy qadriyat va anʼanalarimiz ulugʻlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA muxbiri