Mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning sifatli ta’lim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, bugungi kunda yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 185 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy etilgan. Bu kabi imkoniyatlar yoshlarimizning jahon darajasida bilim olishi uchun zamin. Endi ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, dunyodagi eng ilg‘or universitetlarda o‘qishiga ko‘maklashish zarur.
Namangan shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Jahongir Avazxonov o‘z salohiyati va mas’uliyatliligi bilan butun maktab jamoasining hurmatini qozongan. Mamlakatimizning iqtidorli yoshlaridan biri bo‘lgan Jahongir bir qancha havas qilgulik natijalarga erishib ulgurgan.
U Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida kumush medal sohibiga aylandi. Turkiyadagi xalqaro robototexnika olimpiadasida 2 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Italiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro robototexnika olimpiadasiga yo‘llanma olishga muvaffaq bo‘ldi. Respublika bo‘yicha eng kuchli 12 nafar informatika olimpiadachisi qatoridan joy oldi.

Qayd etish lozimki, nafaqat bilim, balki ijodkorlik, raqamli savodxonlik va texnologik tafakkurning yorqin namunasi sifatida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Robo-Coding" olimpiadasi tashkil etilgan edi. Jahongir mazkur olimpiadada respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
– Farzandga ajratilgan vaqt va ko‘rsatilgan e’tibor natija bermasdan qolmaydi, – deydi Jahongirning otasi Sobitxon Turdiyev. – Bolaning voyaga yetishi va qanday inson bo‘lishi ko‘p jihatdan ota-ona tarbiyasiga bog‘liq. Tarbiya esa yengil vazifa emas. Bu masalada ustozlarni ayblash o‘z mas’uliyatini boshqaga yuklash deganidir. O‘g‘lim tahsil oladigan maktabga bizni tez-tez taklif etishadi. Qobiliyatli farzand o‘stirayotganimiz uchun minnatdorchiliklar bildirishadi. Ota-ona uchun eng katta mukofot shu bo‘lsa kerak. Eng yaxshi meros go‘zal tarbiyadir.
O‘zbekistonda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson bo‘lib kamol topishi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solingan. Jahongir esa o‘zi uchun yaratilgan bu shart-sharoitlardan unumli foydalanishni maqsad qilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA