Eng iqtidorli ishtirokchilar aniqlandi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida yosh qizlarning raqamli bilimlari, innovatsion fikrlashi va ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Raqamli avlod qizlari” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida jami 1,5 ming nafardan ortiq qizlar ishtirok etdi. Ular raqamli texnologiyalar, ta’lim, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi hamda yashil iqtisodiyot yo‘nalishlarida o‘z bilim va innovatsion g‘oyalarini namoyon etishdi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng iqtidorli ishtirokchilar viloyat bosqichida jam bo‘lib, dolzarb muammolarga qaratilgan 60 ta innovatsion loyihani hakamlar hay’atiga taqdim qildi.

Viloyat bosqichida 16–20 yosh toifasida 53 nafar, 21–30 yosh toifasida esa 7 nafar ishtirokchi qatnashdi. Loyihalarning amaliy ahamiyati, innovatsionlik darajasi, yo‘nalishlarga mosligi hamda taqdimot sifati asosiy baholash mezonlari bo‘ldi. Ayniqsa, “Yashil iqtisodiyot” va “Ta’lim” yo‘nalishlarida taqdim etilgan ishlanmalar yuqori baholandi.
Natijalarga ko‘ra, 21–30 yoshli ishtirokchilar orasida Guliston shahridagi 5-maktab o‘qituvchisi Feruza Qosimova “Yashil iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yangiyer shahar kimyo texnologiyalari instituti o‘qituvchisi Diyora Qarshibayeva ushbu yo‘nalishda 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Sayxunobod tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi Xumora Xoliqberiyeva va uning hamkori Munirabonu Miraliyeva esa 3-o‘rinni egalladi.

16–20 yoshli ishtirokchilar o‘rtasida Guliston shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Nozima Sotiboldiyeva va Faniya Gennadiyeva g‘olib deb topildi.
Ta’lim yo‘nalishida Boyovut tumanidagi 2-maktab o‘qituvchilari Odina Jumayeva hamda Dildora Mamatqulova 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. Guliston tumanidagi ixtisoslashgan maktab-internat o‘qituvchilari Sevinch Qulboyeva va Rayhon Turg‘unboyeva esa 3-o‘rin bilan taqdirlandi.

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindor ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda respublika bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmalar bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA