Eng faol va tashabbuskor ayollar e’tirof etildi
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda barcha sohalarda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, o‘z salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
— Jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotidagi barcha jarayonlarda opa-singillarimiz faolligi ortib bormoqda, — deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Milliy tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ana shu faollarimizni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdir.
Hakamlar hay’ati tomonidan tuman, shaharlardan belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi deb topilib, viloyat tanloviga hujjatlari taqdim etilgan ishtirokchilarning yil davomidagi faoliyati atroflicha o‘rganib chiqilib, “Innovatsion g‘oyalarni faol ilgari surgan olima”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkori”, “Yilning eng ilg‘or fermeri”, “Yilning eng yaxshi ijodkori”, “O‘z kasbining fidoyisi”, “Yilning eng faol ma’rifatli ayoli”, “Yilning faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi FXDYo xodimasi”, “Yilning eng faol mahalla mutaxassisi”, “Yilning eng faol xotin-qizlar bilan ish olib borgan huquq-targ‘ibot sohasi xodimasi”, “Ayollarga oid islohotlarni faol yoritgan jurnalist” nominatsiyalari bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan xotin-qizlar g‘olib deb topildi va tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
— Men kabi ko‘plab tadbirkor opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganligimdan behad mamnunman, — deydi tanlovning “Yilning eng ilg‘or tadbirkori” nominatsiyasi g‘olibasi, Marhamat tumanidagi “Barhayot Nozimjon fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mavludaxon Shodmonova. – Jamiyatimiz tasarrufidagi “Jasmina quvnoq bolajon” MTM, “Madina Mazali kulchalari” non ishlab chiqarish sexi hamda “Shahnoza tekstil” fabrikasida 174 nafar ishchi-xodim, asosan, xotin-qizlar mehnat qiladi. Bunday ishlarni tashkil etish albatta, oson emas. Mehnatlarimiz e’tirof etilganligidan, faol va tadbirkor ayollar qo‘llab-quvvatlanayotganligi bizga katta mas’uliyat, kuch va kelgusidagi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yordam beradi.
Shuningdek, tadbir doirasida “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion g‘oyasi” respublika tanlovi viloyat bosqichi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari o‘rtasida “Biz oilaviy ajrimlarga qarshimiz” mavzusida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
Tadbir yakunida namoyish etilgan badiiy dastur barchaga ko‘tarinki va xush kayfiyat ulashdi.