Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari sud va boshqa organlar hujjatlariga asosan energiya resurslari sohasida yuzaga kelgan qarzdorliklarni undirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorliklarni undirish bo‘yicha 3 ming 500 ga yaqin sud hujjati MIB organlari ish yurituviga qabul qilinib, ularning 3 ming 100 tasi yoki 49 milliard so‘mlikdan ortiq ijro hujjatlari ijrosi ta’minlandi.
Masalan, MIB Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi davlat ijrochilari olib borgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida tumandagi "KAKAYDI-PAXTAKORI" va "JUMANAZAR TURAYEVICH" fermer xo‘jaliklarining elektr energiyasidan yuzaga kelgan qarzdorligi uchun ularga tegishli mol-mulklar xatlovga olindi. Barcha hisob raqamlariga band solinib, qariyb 137 million so‘mlik qarzdorlik undirildi.
Hududlarda amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida qarzdor iste’molchilardan 6 milliard 200 million so‘mlik mol-mulk xatlovga olinib, ularning 2 milliard 700 million so‘mligi mulk elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarildi. Shuningdek, 218 ta ijro hujjatlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarning ish joyi hamda bankdagi hisob raqamlari aniqlanib, qarzdorlikni undirish uchun yuridik shaxslarning hisob raqamlariga inkasso talabnomalari yuborildi. Talabnoma jismoniy shaxslarning ish haqlariga qaratildi.
Viloyatda iste’molchilarning energiya resurslaridan paydo bo‘lgan qarzdorliklarini undirish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri.