Energiya tejamkorligiga erishish bugungi kun talabi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Navoiy viloyatida uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi va energiya tejamkorligi bo‘yicha ko‘p qavatli uylarda amalga oshirilgan ishlar” mavzusida respublika seminari tashkil etildi.
Mazkur seminar davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 30 iyun kuni “Energiya resurslarini tejash hamda energetika sohasi ob’ektlarini 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda Navoiy viloyatida uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi va energiya tejamkorlik bo‘yicha Respublika seminarini tashkil etish topshirig‘iga asosan tashkil etildi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Energetika vazirligi mutasaddilari, ularning quyi tizimlaridagi korxona hamda tashkilot rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Navoiy viloyatida uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida energiya tejamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

– Bugungi kunda viloyatda 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joylar mavjud bo‘lib, ushbu uylarga 64 ta boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan kommunal xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Kamolov. – Boshqaruv tashkilotlari “Mening uyim” billing tizimiga to‘liq ulangan bo‘lib, yanvar-avgust oylarida 46 milliard so‘m undirilishiga erishildi. Shu bilan birgalikda, energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida joriy yilda boshqaruv tashkilotlarining 22 milliard so‘m hamda 17 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan 490 ta ko‘p kvartirali uylarda 25 ming kvadrat metr tom qismi, 115 ta fasad qismi hamda 467 ta kirish yo‘laklari ta’mirlandi. 1826 kvadrat metr oyna romlari o‘rnatildi. 151 ta uylarning yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari, 81 ta uy ichki tarmoqlari hamda 5934 ta elektr taqsimlovchi uskunasi ta’mirlandi. 23 ta lift uskunasi yangisiga almashtirildi.

Viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Karmana tumanida 100 MVtli quyosh stansiyasi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Tomdi tumanida quvvati 500 MVtli shamol elektr stansiyasi qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, Tomdi tumanida “Tepeleng grupp” kompaniyasi tomonidan quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurilish montaj ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari Nurota tumanida quvvati 300 MVtli shamol, 300 MVtli quyosh fotoelektr stansiyasi hamda quvvati 150 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish uchun tegishli qaror qabul qilindi.
Seminar ishtirokchilari uy-joy va kommunal yo‘nalishidagi ilk lokatsiya – Navoiy shahri “Vatan” MFYda bo‘lib, “Navoiy city” boshqaruv kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

“Navoiy city” boshqaruv kompaniyasi tomonidan kutubxona binosi, sayilgoh, favvora, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari rastasi, sport maydonchalari, rasmlar chizish, bepul WI-FI zonasi kabi ko‘ngilochar ob’ektlar qurilgan. Boshqaruv tashkilotining 1,3 milliard so‘m debitorlik qarzdorligi bugungi kunda 435,1 million so‘mga qisqargan.

Tadbir ishtirokchilari “Gulzor” turar joy kompleksi misolida Navoiy shahridagi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati va barpo etilgan zamonaviy ijtimoiy uy-joylarda bo‘ldi.

Respublika seminari ishtirokchilari elektr energiyasi ta’minoti yo‘nalishida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filialida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida “Ishlab chiqarish bazasi”, 5-sonli nimstansiya, “Zarafshan golden group” MCHJ ning Navoiy shahar kichik sanoat zonasi hududidagi ob’ekti, “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha aholi xonadoniga o‘rnatilgan quvvati 50 kVt bo‘lgan quyosh paneli ishlash holatini o‘rganish uchun Karmana tumani “Bog‘ishamol” mahallasiga tashrif buyurdi.

Shuningdek, ishtirokchilar tabiiy gaz ta’minoti yo‘nalishida “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining Markaziy dispetcherlik xizmatidagi platforma, ASKUG tizimda mavjud imkoniyatlarni va avtomatik boshqaruv tizimi bilan tanishish uchun “Hududgaz Navoiy” filialiga, aholi xonadonlariga o‘rnatilgan energotejamkor gaz yondirgichlari holatini o‘rganish maqsadida Navoiy shahri Hayot mahallasiga tashrif buyurdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri