Energiya — taraqqiyot tayanchi
Elektr va gaz ta’minoti mahallabay o‘rganilmoqdaBugun taraqqiyotni energiya resurslarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xonadondagi osoyishtalikdan tortib, ishlab chiqarish korxonasining uzluksiz faoliyati, maktab va shifoxonalarning barqaror ishlashigacha — barchasining zamirida ishonchli elektr va gaz ta’minoti turibdi. Shu bois energetika tizimidagi har bir uzilish, har bir ortiqcha sarf yoki eskirgan tarmoq nafaqat sohaning, balki hudud iqtisodiy taraqqiyotining ham sur’atiga ta’sir qiladi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda energetika sohasida energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Energiya tejamkorligi endi oddiy iqtisodiy masala emas, balki barqaror taraqqiyotning muhim sharti sifatida qaralmoqda. Ana shu yondashuvning amaliy ifodalaridan biri Buxoro viloyatining Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh eng chekka hududi hisoblangan Olot tumanida namoyon bo‘lmoqda.
Tumanda elektr va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash, mavjud muammolarni manzilli aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida maxsus shtab tashkil etildi. Respublika, viloyat va tuman mas’ullaridan iborat 10 ta ishchi guruh shakllantirilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, ish kabinetda emas, bevosita aholi orasida tashkil etilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan tumandagi 35 ta mahallada aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining elektr va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji “mahallabay” o‘rganilmoqda. Bu jarayon oddiy ro‘yxat tuzish bilan cheklanmayapti. Har bir hududning mavjud imkoniyati, iste’mol hajmi, tarmoqlarning holati va kelgusidagi ehtiyojlari tahlil qilinib, shu asosda oylik, choraklik va yillik energiya balansi shakllantirilmoqda. Bu — muammoni oqibatidan emas, uning ildizidan hal qilishga qaratilgan yondashuv.
Dastlabki tahlillar Olot tumanida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj salmoqli ekanini ko‘rsatmoqda. Yil davomida tumanda 25,3 million kub metr tabiiy gaz iste’mol qilinishi prognoz qilingan. Joriy yilning dastlabki olti oyida esa 12,9 million kub metr, ya’ni yillik prognozning 51 foizi iste’mol qilingan.


Elektr energiyasi bo‘yicha ham shunga yaqin manzara kuzatilmoqda. Yillik iste’mol hajmi 919,5 million kilovatt-soat etib belgilangan bo‘lsa, olti oyda 459,8 million kilovatt-soat, ya’ni yillik hajmning 51 foizi sarflangan. Bu raqamlar, bir tomondan, aholi va iqtisodiyotning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji yuqori ekanini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, mavjud resurslardan qanchalik tejamkor va oqilona foydalanish zarurligini anglatadi. Zero, tejalgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi yoki kub metr gaz — qo‘shimcha ishlab chiqarish, yangi loyiha, aholi farovonligi uchun yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan resursdir.
Energiya ta’minotining barqarorligi, avvalo, uning infratuzilmasiga bog‘liq. Shu maqsadda joriy yilda Olot tumanida 45 ta transformator punkti va 169,9 kilometr elektr tarmog‘i, shuningdek, 4,1 kilometr gaz tarmog‘i rekonstruksiya qilindi. Bu ishlar ortida oddiy raqamlar emas, balki minglab xonadonlar, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining barqaror faoliyati turibdi. Ayni paytda gaz quvurlarini sinovdan o‘tkazish, yer osti gaz quvurlarining holatini tekshirish, mavjud tarmoqlarni tartibga keltirish ishlari ham olib borilmoqda.
Yil yakuniga qadar yana 11 ta transformator punkti, 33,5 kilometr elektr tarmog‘i va 3 metr gaz tarmog‘ini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda muhim jihat — rekonstruksiya ishlari shunchaki eski tarmoqni yangisiga almashtirish emas. Bu, avvalo, kelgusi yillarda ortib boradigan ehtiyojni oldindan hisobga olib, energetik xavfsizlikni mustahkamlash demakdir. Energiya sarfini tartibga solishda maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlarning o‘rni alohida. Ayni paytda Olot tumanidagi 106 ta ijtimoiy soha ob’ektining energiya ta’minoti va sarfi o‘rganilmoqda. Bu jarayondan ko‘zlangan maqsad — ortiqcha sarf-xarajatlarni aniqlash, energiya resurslaridan samarali foydalanish va ijtimoiy soha ob’ektlarini bosqichma-bosqich energiya samaradorligi tizimiga o‘tkazish.
Aslida, bugungi kunda energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish — faqat mablag‘ni tejash emas. Bu davlat byudjeti mablag‘laridan oqilona foydalanish, ekologik yuklamani kamaytirish va kelajak avlod uchun resurslarni asrashdir.
Olotdagi o‘rganishlar faqat mavjud muammolarni bartaraf etish bilan cheklanmadi. Respublika ishchi guruhi tomonidan “yashil energetika” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar ham ko‘zdan kechirildi.


Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan quyosh fotoelektr stansiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi faoliyati bilan tanishildi.
“Qirlishon” massivida joylashgan ushbu loyiha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Quyosh nuridan elektr olish, uni saqlash va zarur paytda iste’molga yo‘naltirish — kechagi tasavvur emas, bugungi energetikaning yangi voqeligi. Olotda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar esa hududning kelgusi energetik qiyofasini belgilab beradi.
Olotdagi o‘rganishlar davomida “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash doirasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar holati ham tahlil qilindi. Xususan, “Amu-Buxoro–1” nasos stansiyasida qiymati 82 million 960 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan qurilish ishlari to‘liq yakunlangan.
Eng e’tiborli jihat shundaki, inshoot sinov tariqasida ishlagan davrning o‘zida 75 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejashga erishilgan. Bu esa qariyb 80 milliard so‘m mablag‘ni tejash imkonini bergan. Bu raqamning o‘ziyoq zamonaviy texnologiya, to‘g‘ri hisob-kitob va energiya samaradorligi qanday ulkan iqtisodiy natija berishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bundan tashqari, mazkur inshootning Buxoro va Navoiy viloyatlarini suv bilan ta’minlashdagi ahamiyati ham beqiyos. Demak, bu yerda gap faqat elektr energiyasini tejash haqida emas, balki suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi barqarorligi va butun hudud iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq muhim infratuzilma haqida ketmoqda.
Olotda boshlangan mazkur jarayonning eng muhim jihati shundaki, energetikaga munosabat o‘zgarmoqda. Muammoni kutish emas, uni oldindan ko‘rish; umumiy raqamlarga qarash emas, har bir mahallaning ehtiyojini aniq bilish; faqat iste’molni oshirish emas, balki tejamkorlik va samaradorlikka erishish — bugungi kun talabidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida ham ana shu maqsad — insonlar uchun munosib sharoit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli energiya bilan ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” energetika ulushini oshirish g‘oyasi mujassam. Olotdagi “mahallabay” o‘rganishlar esa bu siyosatning joylardagi amaliy ko‘rinishidir.
Zero, energiya — shunchaki yorug‘lik yoki issiqlik emas. U ishlab chiqarish, bunyodkorlik, farovonlik va taraqqiyot harakatini ta’minlaydigan quvvatdir. Bugun energiyani tejagan hudud ertaga mablag‘ini tejaydi, infratuzilmasini mustahkamlaydi va o‘z kelajagiga sarmoya kiritadi. Olotda boshlangan ishlar esa ana shu uzoqni ko‘zlagan yondashuvning yorqin ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri