Namangan viloyatining Pop tumanida energiya taqchilligini oldini olish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov “Energy China Namangan obi-xayot battery energy storage system” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Ushbu loyiha “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” kompaniyasi hamkorligida bajarilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori hamda 2023 yil 27 dekabrda imzolangan investitsiya shartnomasiga muvofiq, Namangan viloyatining Pop tumanida quvvati 200 mVt/soat bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.
[gallery-27491]
Loyiha qiymati 220 million AQSH dollarini tashkil etib, qurilish ishlari Chodak massividagi “Obi Hayot” podstansiyasiga yaqin yer maydonida olib borilmoqda. Viloyat rahbari ob’ektdagi ishlarni o‘rganib, loyihaning amalga oshirilishi hududlarni energetik barqarorligini ta’minlash, elektr energiyasidan samarali foydalanish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.