Energiya samaradorligidagi hamkorlik kengaymoqda
Avstriyaning “ILF Consulting Engineers” kompaniyasining bosh menejeri Filip Flox, Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Samandar Sa’dullayev hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ullari o‘rtasida Buxoroda “ILF Consulting Engineers” kompaniyasi bilan viloyatdagi ijtimoiy soha muassasalari hamda ma’muriy binolarning energiya samaradorligini oshirish hamda ularni barqaror issiqlik bilan ta’minlash loyihalarini boshlash yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
“ILF Consulting Engineers” xalqaro muhandislik va konsalting kompaniya 1967 yilda tashkil etilgan. Kompaniya infratuzilma, energetika, atrof-muhit muhofazasi va sanoat loyihalarini ishlab chiqish, rejalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha dunyoning eng yetakchi injenerlik tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Joriy yil Buxoroda tajriba tariqasida 100 ga yaqin ta’lim va tibbiyot muassasalari, ma’muriy inshootlar binolarining energiya samaradorligi oshiriladi hamda ularning issiqlik ta’minoti qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari asosida to‘liq modernizatsiya qilinadi. Ushbu turdagi loyihalar joriy yilda 60 dan ortiq ob’ektlarda davom ettirilib, kelgusi yildan boshlab Buxoro tajribasi asosida respublika miqyosida keng joriy qilinadi.

Muloqotda loyihani amalga oshirish mexanizmlari hamda qo‘llaniladigan innovatsion texnologiyalar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalarga asoslangan isitish tizimini yaratish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va belgilangan maqsadlarga erishish uchun tizimli ishlashga kelishib oldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.