Qaror va ijro
bugungi kunda barcha soha rivojida ichki va tashqi imkoniyatlardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bunda qulay investitsiya muhitini yaratib, xalqaro investorlarni jalb qilish chora-tadbirlari hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida e’tiborga loyiq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada yanada keng imkoniyat eshiklarini ochib berdi.
Masalan, keyingi yillarda Energetika vazirligi faoliyatida ham investitsion jozibadorlikni oshirish evaziga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish o‘ziga xos qizg‘in jarayonga aylandi. Xususan, birgina 2022 yilda umumiy quvvati 1 900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh elektr stansiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1 700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlarining imzolanishi rejalashtirilgani fikrimiz isbotidir.
Joriy yilning 24-26 mart kunlari poytaxtimizda tashkil etilgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ham energetika sohasi uchun yangi reja va kelishuvlarga imkon yaratmoqda.
Ushbu forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Rothschild & Co investitsiya banki o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur shartnomaga ko‘ra, xalqaro investitsiya banki – Rothschild & Cie and N.M. Rothschild & Sons Limited respublikamizda energetika sohasidagi istiqbolli loyihalarni tahlil qilish, moliyalashtirish, kreditlash va energetika loyihalarida bevosita ishtirok etish orqali potensial investorlarni aniqlash va jalb qilish bo‘yicha strategik maslahatchi sifatida faoliyat olib boradi.
Rothschild & Co delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish shartlari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi o‘tkazilgan muzokara va uchrashuvlar vazirlik tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati uchun ham manfaatli hamkorlikka yo‘l ochdi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan “Tallimarjon IES” AJda jami quvvati 900 MVtga teng bo‘lgan ikkita, “Navoiy IES” AJda 1300 MVtga teng ikkita bug‘-gaz qurilmalari hamda “Toshkent IEM” AJda har birining quvvati 32 MVtdan bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmalarini qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mavjud issiqliq elektr stansiyalarining xavfsiz va barqaror ishlashi hamda texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish, uskunalarni modernizatsiya qilish, zaxira qismlarini yetkazib berishga alohida ahamiyat qaratiladi.
– O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarishning yuqori samaradorligi va ishonchliligini ta’minlash maqsadida ham qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan, – dedi A.Jo‘rayev. – Shu rejalar asosida joriy yilning 24 mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro hamkorlar bilan bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Yaponiyaning JICA agentligi bilan ehtiyot qismlarni yetkazib berish va faoliyatdagi zamonaviy bug‘-gaz qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 340 million dollar miqdorida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, 2022 yilning fevral oyida Italiyaning “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi vakillari bilan an’anaviy issiqlik elektr stansiyalarida barqarorlikni oshirish maqsadida modernizatsiya ishlarini olib borish, amaldagi gaz turbinalari va bug‘ qozonlaridan foydalanishda issiqlik qozonlarining samaradorligini oshirish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan edi. O‘zaro muhokamalar natijasi sifatida forum doirasida “AC BOILERS S.p.A” kompaniyasi bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ o‘rtasida tizim korxonalarida “ekologik toza” energiya uskunalarini o‘rnatgan holda quvvatlarni oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Ta’kidlash zarurki, davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan qaror ijrosini ta’minlash maqsadida energetika tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan hujjatlar aholi va iste’molchilarning elektr energiyaga bo‘lgan talabini qondirish yo‘lidagi dadil qadamlardir. Zero, keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarida energetika sohasi ham muhim o‘rin tutadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA