Energetika tarmog‘idagi investorlar kengashi yig‘ilishi qanday maqsadga yo‘naltirilgan? (+video)
Vazir fikri
Iqtisodiy barqarorlik va xalq farovonligi, avvalo, ishonchli hamda uzluksiz energiya ta’minotiga tayanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.Tadbirda 200 dan ziyod xorijiy yoqilg‘i-energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev sohadagi samarali loyihalar, sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
–Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining yig‘ilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad, davlat va sarmoyadorlar o‘rtasida ochiq hamda natijaga yo‘naltirilgan muloqotni shakllantirishdir. Bu platforma investorlarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish, amaldagi loyihalarni jadallashtirishning standart mexanizmlarini ishlab chiqish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Bugun biz mana shu tadbir doirasida to‘rt milliard yetti yuz yigirma million dollarlik bitimlarni imzoladik. Tez kunda bu loyihalarning qurilishiga start beriladi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan farmonning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur hujjat yoqilg‘i-energetika kompleksida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi tartibini belgilab, investorlar uchun qo‘shimcha qulaylik va yengilliklar yaratadi. Agar sarmoyadorlardan qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar kelib tushsa, kelgusi faoliyatimizni albatta ushbu tavsiyalar asosida tashkil etamiz.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (+video),
O‘zA