Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan Toshkent viloyatidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari uchun seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Prezidentimizning joriy yil 15 avgustdagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mazmun-mohiyati, unda belgilanayotgan talablar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Bugungi kunda viloyatda 161 ming 240 ta xonadondan iborat 4 ming 945 ta ko‘p kvartirali uy mavjud. Ularga 79 ta Boshqaruv servis kompaniyalari hamda 10 ta UJMSHlar xizmat ko‘rsatadi. Shundan 4 ming 541 ta uy BSKlar tomonidan, 72 ta ko‘p kvartirali uylar UJMSHlar tomonidan va 13 tasi bevosita mulkdorlar tomonidan boshqariladi. Ko‘p kvartirali uylarning 319 tasi boshqa tashkilotlar balansida. Bugungi kunda mavjud ko‘p qavatli uylarning 4577 tasi, ya’ni 93 foizi 1991 yilgacha va 368 tasi, ya’ni 7 foizi 1991-2022 yillar oralig‘ida qurilgan uylardir.

Bugungi kunda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi asosiy muammolardan biri bu aholining debitor qarzdorligi bilan bog‘liq. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha jami debitor qarzdorlik 470 milliard so‘mdan oshganini ko‘rish mumkin. Ko‘p kvartirali uydagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi qilinganida mulk bilan birga uning boshqaruvchi tashkilotga bo‘lgan qarzdorligi ham yangi mulkdorga qoplanmasdan o‘tmoqda.
Seminarda qayd etilishicha, yuqorida nomi keltirilgan qarorning 2-bandida 2024 yil yanvardan boshlab notarius tomonidan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar mulkdorning majburiy badal bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi aniqlanganidan so‘ng tasdiqlanishi, yangi mulkdorga unda uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi yuzaga kelgan paytdan e’tiboran umumiy mol-mulkni saqlash bo‘yicha majburiy to‘lovlarni amalga oshirish majburiyati belgilanmoqda.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbar va muhandis xodimlarining har yili kamida bir marta hamda santexnik, elektrik, payvandchi xodimlarining har uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini tasdiqlash bo‘yicha tartib o‘rnatiladi. Qaror bilan boshqaruvchi tashkilot jalb etilmagan ko‘p kvartirali uy-joylar foydalanishga qabul qilinmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Seminarda qayd etilishicha, qaror loyihasining 5 -bandi bilan renovatsiyani amalga oshirishning aniq mexanizmi ishlab chiqiladi. Buning uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar ishtirokida ishchi guruh tuziladi. 1991 yilgacha qurilgan uylarning aksariyatida ichki muhandislik tarmoqlari va konstruksiyasiga mulkdorlar tomonidan o‘zgartirish kiritilgan.
Respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin uylarda tayanch konstruksiyalariga ziyon yetkazgan holda qayta rejalashtirish hamda issiqlik tizimiga o‘zgartirish kiritilgani aniqlangan. Natijada, ko‘p kvartirali uylarning issiqlik ta’minoti tizimlariga jiddiy zarar yetkazilmoqda. Noto‘g‘ri ekspluatatsiya qilingani oqibatida 247 ta ko‘p kvartirali uy avariya holatiga kelib qolgan.
Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi bir necha qo‘shimcha issiqlik ta’minotidan foydalanish talablariga rioya etilishi hamda umumiy mol-mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash ishlarining normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish vakolatlari beriladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning sohaga oid savollariga mutasaddilar tomonidan javob qaytarildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA