“Endi mening doimiy ish joyim va daromadim bor”
Jalil aka Jo‘rayev Buxoro viloyati Kogon shahri Mustaqillik mahallasida istiqomat qiladi. O‘zi II guruh, ayoli esa I guruh nogironi.
Ikki nafar farzandning otasi Jalil aka oilasi uchun, bolalarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi uchun tinmay harakat qiladi. Nogiron bo‘lishiga qaramasdan kosibchilik hunarini o‘rganib, shuning ortidan ozmi-ko‘pmi daromad qilib kelayotgan edi.

Kogon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi mas’ul xodimlari Jalil akaning oilaviy sharoitini o‘rgangach, uni shaharda faoliyat yuritayotgan “New star 2020” ishlab chiqarish korxonasiga ishga joylashtirishdi.
Korxonada ayollar poyafzali ishlab chiqarilib, tayyor mahsulotlar faqatgina xorij davlatlariga eksport qilinadi.
Jalil akaning ishi ham poyafzallarning tag qismini tayyorlab berish, tikuv mashinasida ishlashdan iboratdir. Ham sog‘lig‘iga salbiy ta’siri yo‘q, ham doimiy 2,5 million so‘mdan maosh oladi.

–Hunarimning ortidan ro‘zg‘orimdagi qoraqozonim qaynab turgandi, –deydi Jalil aka Jo‘rayev. –Lekin doim ham daromadga ega emas edim. Davlatimiz tomonidan menga shunday imkoniyat yaratilgani oila a’zolarimni juda ham xursand qildi. Endi mening doimiy ish joyim va daromadim bor.
Davlatimiz rahbari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni muqim daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar nafaqat ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga, balki jamiyat hayotiga aralashishida ham muhim rol o‘ynamoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari