Endi korrupsiya yoʻqoladimi?
Maʼlumki, har qanday davlat uchun korrupsiya, bu – turli xavflar ichidagi eng zararli va maʼlum miqdorda doimiy mavjud boʻladigan “bakteriya” kabi illatdir.
Maʼlumki, har qanday davlat uchun korrupsiya, bu – turli xavflar ichidagi eng zararli va maʼlum miqdorda doimiy mavjud boʻladigan “bakteriya” kabi illatdir. Zero uni kamaytirish mumkin, ammo yoʻqotish – juda mushkul masala. Binobarin, “Transparency International” tashkilotining 2019-yil hisobotiga koʻra, quyidagi davlatlarda korrupsiya hodisasi deyarli kuzatilmayotganligi aniqlangan: 87 balldan toʻplashga erishgan Daniya va Yangi Zelandiya 1-oʻrin, 86 ball bilan Finlyandiya 3-oʻrin, 85 balldan toʻplagan Singapur, Shvetsiya va Shveysariya 4-oʻrinni egallab, ijobiy natija koʻrsatgan. Ammo taʼkidlanganidek, ushbu davlatlarda ham korrupsiya butunlay bartaraf etilganligini “Transparency International” kabi xalqaro tashkilot ham tasdiqlay olmaydi. Shunday ekan, bu tegishli davlat organlari tomonidan doimiy tarzda oldini olish tadbirlari davom ettirilib turuvchi, oʻziga yarasha masʼul mansabdor shaxslarni “halollik vaksinasi” bilan “davolanib” turishni talab qiluvchi doimiy “muolajadir”.
“Halollik vaksinasi” yaratilishini va davlat xizmatchilarining davriy “muolajalar”ni olib turishini tashkillashtirishga masʼul boʻlgan yangi davlat boshqaruvi organlaridan biri bu - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hisoblanadi.
Farmonga koʻra, Agentlik:
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantiradi va amalga oshiradi;
oʻz faoliyatida qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida olib borib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdordir;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonda shu kungacha mazkur illatga qarshi bir qator huquqni muhofaza qiluvchi organlar kurashib keldi. Ularning tarkibidagi boshqarma-yu boʻlimlar maʼlum maʼnoda ushbu “kasallik”ni bartaraf etishga, jilovlashga va shu tariqa Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi prinsipini taʼminlashga urindi. Ammo jahon tajribasi shuni koʻrsatdiki, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida davlat organining faoliyat yuritishi samarali natijani berishi mumkin. Bunday mustaqil organlar Qozogʻiston, Latviya, Litva, Ukraina, Koreya Respublikasi, Singapur, Hindiston, Fransiya, Ruminiya, Xorvatiya kabi davlatlarda Byuro, Markaz, Agentlik, Xizmat kabi tuzilmaviy shakllarda doimiy tarzda faoliyat yuritib ular bevosita mamlakat prezidentiga yoki parlamentiga boʻysunadi. Ushbu mezon nuqtayi nazaridan, Oʻzbekistonda tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jahon tajribasiga toʻliq javob berishini taʼkidlash lozim.
Dunyoning korrupsiyasiz davlatlari ichida 3-oʻrinda turuvchi davlat Finlyandiyada ham korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ – adliya ombudsmani organi mamlakat rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Darvoqe, korrupsiya illatiga qarshi kurashuvchi mustaqil organning tashkil etilishi xalqaro meʼyorlarga ham toʻliq javob berishini eslatib oʻtish kerak. Zero, BMTning korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasining 6 va 36-moddalarida ishtirokchi davlatlar oʻz mustaqil organiga yoki organlariga ega boʻlishi mumkinligi va ular hech bir ijro hokimiyati organlariga va boshqa davlat organlariga boʻysunmasdan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi lozimligi koʻrsatilgan.
BMTning mazkur konvensiyasi 13-moddasida korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali yoʻllari sifatida davlat organlari faoliyatining ochiqligini va shaffofligini taʼminlash;
qabul qilinayotgan qarorlarda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash;
aholining davlat organlaridagi maʼlumotlarni olishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash;
taʼlim muassasalarida va aholi orasida korrupsiyaning salbiy oqibatlarini tushuntirish ishlarini yuritish kabi majburiyatlar ishtirokchi davlatlarga yuklatilgan.
Mazkur xalqaro hujjat talablari eʼtiborga olinib, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonining 2-bandida yangi tashkil etilgan Agentlikning vazifalaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorining boshqa vakillari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish masalasi nazarda tutilgan.
Albatta, korrupsiyaga qarshi samarali kurashning eng natijador usullaridan biri, bu – davlat organining ochiqligidir. Har bir davlat organi oʻz faoliyatiga doir ochiq maʼlumotlarni oʻz veb-saytlariga, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallariga, matbuot kotiblarining OAV uchun boʻladigan press-konferensiyalarida doimiy eʼlon qilib borishi kerak.
Davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiyasi masalasi ham keng jamoatchilik uchun ochiq va shaffof boʻlishi lozim. Bugungi islohotlar bosqichi davlat xizmati sohasida professionallikni, barcha darajadagi davlat xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy maqomi mustahkamlanishini talab qilmoqda. Shu sababli ham ayni paytda “Davlat-fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ustida ham ishlar boshlab yuborilgan. Aslida, bu masalada MDH davlatlari ichida orqada qolayotganligimizni ham taʼkidlash zarur. Ammo dono xalqimizning “Hechdan koʻra, kech yaxshi” degan maqoliga amal qilib, bugun ushbu masalalarni ham ham huquqiy, ham tashkiliy va moddiy tomonlarini aniqlashtirib olmogʻimiz zarur. Zero bularning barchasi korrupsiyaga qarshi kurash choralarining ajralmas, tarkibiy qismlaridir. Shu oʻrinda yangi tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan holda mazkur illatga qarshi kurashishda qoʻyidagi jihatlarga urgʻu berish muhim deb hisoblaymiz:
korrupsion jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralarini ogʻirlashtirish va ularning alternativ(muqobil)ligini kamaytirish;
davlat xizmatchilarining ijtimoiy-iqtisodiy va moddiy taʼminlanganlik darajasini bosqichma-bosqich doimiy oshirib borish;
davlat xizmatchilarining daromadlari va mulki deklaratsiyalanishini qonuniy tarzda va tizimli yoʻlga qoʻyish hamda uning jamiyat uchun ochiqligini taʼminlash;
barcha darajadagi davlat organlari faoliyati shaffofligini taʼminlashga qaratilgan doimiy tashkiliy chora tadbirlarni davom ettirishi;
davlat boshqaruvi organlarining faoliyati samaradorligini baholashni huquqiy tartibga solish va doimiy shaffof monitoring qilib borish tizimini yaratish;
davlat xizmatining barcha (respublika, viloyat, tuman va shahar) darajalarida puxta ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan rotatsiya mexanizmini huquqiy tomondan shakllantirish va qatʼiy monitoring qilib borish;
2017-yil sentyabr oyida qabul qilingan Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni davom ettirish va davlat organlari sonining optimallashishiga, shu bilan birga, ularning sifati oshishini taʼminlash mexanizmlarini yaratishga eʼtibor qaratish muhim.
Avval taʼkidlaganimizdek, korrupsiya illatini jilovlash mumkin, ammo yoʻqotish qiyindir. Taniqli adabiyotshunos olim Qoʻchqor Norqobilning taʼkidlaganidek, “Chivinlar oʻldirilmaydi, botqoq quritiladi!”. Shuning uchun qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ilmiy asoslanganligi nihoyatda muhim hisoblanadi. Aks holda, zararkunandalar yashashda davom etaveradi.
Serikbek Muratayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi mudiri, yu.f.n