Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
–Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.
Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasi misolida samarali tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda Axborot va xizmat markazi tashkil etilib, 8 ta olis mahalla aholisi uchun bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning “aqlli qishloq” tajribasi asosida shunday markaz tashkil etilmoqda.
Yil yakunigacha Norin va Xovos tajribalarini Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirildi. Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “aqlli mahalla” tajribasi esa har bir viloyatning 10 tadan mahallasida tatbiq qilinadi.
O‘zA