Emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi
Jizzax viloyatida “COVID-19” virusiga qarshi kurashish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Isomiddin Xolmirzayev hududdagi bugungi holat yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda dunyoda koronavirus infeksiyasi yana avj olib, ayniqsa, kasallikning “omikron” shtammi sababli qator mamlakatlarda vaziyat ancha xavotirli tus olmoqda. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, koronavirusning “omikron” shtammi ko‘proq keksalar, yondosh kasalligi borlar va bolalar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizda “COVID-19” bilan kasallanish holatlari yuqori ko‘rsatkichda bo‘lgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, ya’ni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali “COVID-BOX” (aptechka) tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu o‘z navbatida ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi.
Respublika tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari viloyatning har bir shahar va tumanlaridagi tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun koronavirusning yangi shtammini davolash bo‘yicha mahorat darslari va amaliy seminarr o‘tkazmoqda.
[gallery-5496]
– Viloyatda “COVID-19” bilan kasallanish darajasi ancha yuqoriligi va buni har birimiz jiddiy qabul qilishimiz talab etiladi, – deydi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Bozorboy Abdurahmonov. – Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar uchun shifoxonamizda 185 o‘rinli maxsus davolash markazi tashkil etilgan. Reanimatsiya o‘rinlari soni 30 tani tashkil etadi. O‘tgan davr mobaynida viloyatda 6 ming 896 nafar fuqaroda “COVID-19” koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ularning 6 ming 749 nafari to‘liq sog‘ayganligi sababli nazoratdan chiqarildi. Davolanish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda, muassasamizda davolanayotgan bemorlar soni 133 nafar bo‘lib shundan 58 nafari “COVID-19” koronavirus infeksiyasi bilan, 75 nafari pnevmoniya bilan kasallangan. Bundan tashqari, 79 bemor ambulator sharoitida davolanmoqda.
bugungi kun holatiga Jizzax viloyati cog‘liqni saqlash boshqarmasi zaxirasida 42 turdagi 902 million so‘mlik dori vositalari, tuman va shaharlarda jami 9 ming 781 ta “COVID-BOX” lar zaxirasi mavjud. Sog‘liqni saqlash vazirligidan yana 10 mingta “COVID-BOX” jamlanmasi olib kelinmoqda. Viloyat bo‘yicha jami 2 ming 564 nafar tibbiyot xodimlari maxsus sertifikatga ega bo‘lib, shundan shifokorlar – 449, o‘rta tibbiyot xodimlari 1 ming 395 va kichik tibbiyot xodimlari – 720 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, 10 ta muassasa faoliyati konservatsiya qilingan. Bu muassasalarda koronavirus kasalligini davolash maqsadida 1 ming 400 ta shifo o‘rinlari zaxirasi yaratilgan.
– Ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farxod Ne’matov. – Sababi “omikron” boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin.
Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidanda muhim. Koronavirusdan saqlanishning eng ishonchli vositasi bu unga qarshi emlashdir. Emlash pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Vaksinalar immunitet tizimini mustahkamlab, viruslarga qarshi kurashishda ishtirok etadi. Biz emlanish orqali nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizdagilar salomaligini ham himoya qilgan bo‘lamiz.
Anjumanda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA