Emlanayotgan talabalar ko‘rsatkichi ortib bormoqda
Bugun dunyo mutaxassislari koronavirus infeksiyasini vaksinatsiya orqali yengish mumkin, degan yagona to‘xtamga keldi. Chunki eng muhim karantin talablari – niqobda bo‘lish, masofa saqlash, antiseptik vositalardan samarali foydalanish kabi talablar ham insonni vaqtinchalik virus yuqtirib olishdan muhofaza qiladi, xolos.
Buni yaxshi anglagan Namangan SEO va JSB hamda uning tumanlardagi bo‘limlari mutaxassislari endilikda asosiy e’tiborni hududlarda emlash ishlarini yanada kuchaytirishga qaratmoqda.
Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyidan respublikamizdagi barcha oliy o‘quv dargohlarida dars mashg‘ulotlari boshlab yuborildi. Bu 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolar orasida targ‘ibot ishlarini olib borish, emlash muolajalarini amalga oshirish uchun ayni muddao demakdir. Ana shuning uchun ham bugun soha mutaxassislari oliygohlarda bo‘lib, keng qamrovli targ‘ibot o‘tkazish, emlash ishlarini yanada jonlantirishga bor e’tiborini qaratib, mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanmoqda.
– Biz boshqarma va Davlatobod tuman bo‘limi mutaxassislari bilan hududdagi uchta oliy o‘quv yurtida bo‘lib, bu dargohlarning rahbarlari bilan hamkorlikda vaksinatsiya va uning ahamiyati borasida keng qamrovli tushuntirish ishlarini davom ettirmoqdamiz, – deydi viloyat SEO va JSB mutaxassisi Umidaxon Botirova. – Natijada emlanayotgan talabalar ko‘rsatkichi kundan-kunga ortib borayotir.
Mohigul Qosimova, O‘zA