Kashf etilgan yangi turning nomi yurtimiz sharafiga bag‘ishlanib – Elymus uzbekistanicus deb nomlandi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoylik botanik olimlar hamkorligida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida boshoqdoshlar (Poaceae) oilasiga mansub sulibosh (Elymus) turkumiga kiruvchi va ilgari fan uchun noma’lum bo‘lgan mutlaqo yangi o‘simlik turi kashf etildi.
Mazkur yangi turning nomi yurtimiz sharafiga bag‘ishlanib — Elymus uzbekistanicus deb nomlandi. Bu yuzasidan FA Axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ushbu muhim ilmiy yutuq xloroplast va yadroviy DNK ketma-ketliklar tahlillari, shuningdek, an’anaviy morfologik tadqiqot metodlari asosida amalga oshirilgan.
Turning ilmiy tavsifi, identifikatsiya kaliti, yuqori sifatli tasvirlari, geografik tarqalishi va ekologik xususiyatlari keng qamrovli tarzda yoritilib, xalqaro botanika hamjamiyatiga taqdim etilgan.
Elymus uzbekistanicus bu so‘nggi 57 yil ichida Poaceae oilasidan O‘zbekiston hududida aniqlangan ilk yangi tur hisoblanadi.
Bu yangilik mamlakatimizdagi biologik xilma-xillikning hali to‘liq o‘rganilmagan ulkan salohiyatlari mavjudligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi tur O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) kolleksiyasida saqlanayotgan namuna asosida aniqlangan bo‘lib, bu gerbariy fondining mamlakatda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda tutgan o‘rni va ahamiyatini yanada oshirdi.
Milliy gerbariy nafaqat botanikalar uchun muhim manba, balki O‘zbekistonning tabiiy boyliklari va biologik merosining tarixiy guvohi hamdir.
Kashfiyotga bag‘ishlangan ilmiy maqola dunyoning nufuzli botanika jurnallaridan biri hisoblangan PhytoKeys nashrida chop etildi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA